Sudning qora kursisida yosh, kuch-quvvatga to‘la, sog‘lom, ota-ona ne-ne qiyinchiliklar, umidlar bilan voyaga yetkazgan o‘g‘il boshi xam o‘tiribdi. Ota-ona hayron; kam-ko‘stsiz, hech narsaga zoriqtirmay, hech kimdan kam qilmay voyaga yetkazgan farzandi jinoyatga qo‘l urganiga ishongisi kelmaydi. Sudda ona: ota kelishga or qildi. “Faqat qamalmasa bo‘lgani, yosh umri xazon bo‘lmasin” degan o‘yda onaizor sud hayʼatining hukmini intiq va hayajon bilan kutmoqda. Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi ochiq sayyor sud majlisida 2002 yilda tug‘ilgan, maʼlumoti tugallanmagan oliy, bo‘ydoq, muqaddam sudlanmagan E.Iskandarning jinoiy qilmishlarini qonunan ko‘rib chiqib, o‘z hukmini eʼlon qildi. Uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b”, “g” bandlari (“Firibgarlik”) bilan aybdor deb topdi. Mahalla ahli oldida qilmishidan chin dildan pushaymonligini, bu ish boshqa takrorlanmasligi, uni kechirishlarini so‘rab qilgan murojaatlari, muqaddam sudlanmaganligi, oilaviy sharoiti, aybiga iqrorligi, xatosini tushunib yetganligi, jabrlanuvchilarning daʼvosi yo‘qligi eʼtiborga olinib, u ish haqining 10 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qilindi.
Bu ish bo‘lmasligi mumkinmidi? Ha, agarda Iskandar o‘zgalar moliga ko‘z olaytirmay, halollik yo‘lini tanlaganida, “o‘g‘limiz institutda o‘qiyapti, oq-qorani taniyapti, keksayganimizda bizlarga tayanch bo‘ladi”, degan niyatda yashayotgan ota-onasining orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishni o‘ylaganida bunday bo‘lmasdi, albatta. U esa qing‘ir yo‘lni tanladi.
O‘zgalarni aldash va ishonchini suiisteʼmol qilish niyatida axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, oldindan tuzgan rejasiga ko‘ra, 2024 yilning 4 fevralida ijtimoiy tarmoqlar orqali ijaraga xonadonlar berish haqida mijozni qiziqtiruvchi turli eʼlonlarni joylashtirdi. Uning aldovlariga ishongan H.Oybek 1.500.000, M.Farida 1.000.000, A.Zulfiya 1.000.000 so‘mni uning plastik kartasiga o‘tkazib berdilar. Biroq na ijara xonadonidan na Iskandardan darak bo‘lavermagach, vaqtni boy bermay ichki ishlar organlariga murojaat qilishdi. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: firib yo‘li bilan topilgan pullar Iskandarga qanday yordam berdi yoki foyda keltirdi, qachonki jazoni yengillatish uchun ular egalariga qaytarilgan bo‘lsa?
Mazkur jinoyat ishi Toshkent shahar IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Feruz Ismoilovning ish yurituvidan olindi.