O‘rindiqda unutib qoldirilgan telefon egasiga qaytarildi
Ichki ishlar organi xodimi bo‘lish jamiyatda tartib-intizomni taʼminlovchi, adolatni tiklaydigan tizimning bir bo‘lagi bo‘lish demakdir. Ayniqsa poytaxtimiz aholisi va mehmonlari tomonidan ichki ishlar rahbariyatiga xodimlar mehnati uchun minnatdorchilik so‘zlari bilan murojaat qilishlari juda ilhomlantiradi.
Misol uchun, kuni kecha xodimlarimiz faoliyati haqida minnatdorchilik maktubini oldik:
“Men Toshkent shahar IIBB PPX xodimi Irlan Bayseitov va uning hamkasbiga (afsuski, uning to‘liq maʼlumotlarini bilmayman) tezkor yordam ko‘rsatganlari uchun chin dildan minnatdorchilik bildirmoqchiman. Joriy yilning 17 avgust kuni soat 23:00 lar atrofida erim va to‘rt oylik qizimiz bilan Le Grande Plaza Hotel mehmonxonasi yaqinidagi bog‘da sayr qilayotganimizda skameykada telefonimizni unutib qoldirdik. Buni faqat 7-8 daqiqa o‘tganidan so‘ng payqadik. Qo‘ng‘iroq qilganimizda telefon o‘chiq edi. Qoldirib ketilgan joyda ham yo‘q ekan. Biroq telefonimiz iPhone bo‘lganligi sababli, biz boshqa qurilma orqali uni qayerdaligini aniqladik va zudlik bilan yaqin oradagi PPX xodimlariga murojaat qildik. Xodimlarning qatʼiyati va tezkor harakatlari meni hayratda qoldirdi. Bir necha daqiqada ular shubhali shaxslarni aniqlab, yo‘qolgan telefonni topdilar!
Irlan va uning hamkasbiga eng yaxshi tilaklarimni bildiraman! Bunday xodimlar soni ko‘payaversin. Barchangizga katta rahmat!
Hurmat bilan Lemara M."
Mazkur holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun tuman IIO FMBga yuborilganligini maʼlum qilamiz.
Biz ham M.Lemaraga iliq so‘zlari uchun minnatdorchilik bildiramiz!