24 May 2024 Yil 588

Orzulari ushalmaganlar shikoyati

Fan taraqqiyoti, ilg‘or texnologiyalarning turmushimizga kirib kelishi hayotimizni  yengillashtirish bilan birga  o‘ziga yarasha muammolarini ham “ko‘rsatib” qo‘ymoqda. Har bir yangilik insonning yaxshi yashashi, farovonligi va to‘kinligini taʼminlashni ko‘zda tutadi. Kompyuterlarimiz, uyali telefonlar va boshqa gadjetlarning yaratilishida  odamlarning mehnatini osonlashtirish, qulaylik tug‘dirish, uzog‘ini yaqin qilish, muloqotini jonlantirish, bilimlarini kengaytirish, dunyoqarashini shakllantirish kabi ezgu niyatlar  yotadi.  

Ammo ezgu niyatlarda ixtiro qilingan kashfiyotlar ayrim nopok kimsalarning qing‘ir manfaatlariga ham xizmat qilmoqda. Ishlamay pul topish niyatida bo‘lganlar ushbu imkoniyatlarni o‘z foydasi uchun ishlatish yo‘llarini izlaydilar. Natijada jinoyatlarning yangi turlari  paydo bo‘lmoqda. Ayniqsa, internetning telegram, instagram resurslaridan foydalanib, sodir etilayotgan jinoyatlar ko‘lami, afsuski kengaymoqda.

Anchadan beri ishsiz, cho‘ntagida xemiri yo‘q  Sadir (ismlari o‘zgartirilgan) pul topishning o‘ziga xos usulidan foydalanishni boshladi.  Internet tarmog‘iga quyidagi eʼlonni joylaydi: “ “Glamour ...” masʼuliyati cheklangan jamiyati ko‘nglingiz tusagan, istagan turdagi, shakldagi, rusumdagi mebel yasash bilan shug‘ullanadi”. Uyalmasdan, boshqa mebel korxonalarining saytga joylashtirgan rasmlaridan o‘z mahsuloti sifatida foydalandi. Narxlari arzon, sifati aʼlo deb xaridorlarni jalb qildi.  Soddalar unga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zlariga yoqqan mebellar bo‘yicha buyurtma bera boshlashdi.  Narxi va rusumini kelishgan mijozlar  kimdir internet orqali onlayn tarzida avans o‘tkazdi, kimdir o‘zi o‘z qo‘li bilan AQSH dollari ko‘rinishida topshirib keta boshlashdi. Vaholanki, Sadir hech qanday MCHJ ochmagan va mebel ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmagan. Birorta fuqaro uning faoliyatini tekshirib ko‘rmagan.

Sadir esa vaʼdani quyuq qilib, pulni olganligi haqida avvaldan qo‘lbola usulda tayyorlangan blanklarga qalbaki muhr urib, imzo chekib beraverdi. Ayrimlarga esa ishonch uyg‘otish maqsadida, o‘z pasportining nusxasiga imzo chekib, muhr ham bosardi. Yana kimlargadir tilxat yozib berardi. Keyinchalik telefon orqali izlab topa olmagan, aldangan fuqarolar pasportda ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha qidirib borganlarida, eshikni ochgan odam, ular izlayotgan shaxs bu yerda anchadan beri yashamasligi, ko‘plab odamlar izlab kelayotganligini aytadi.

Orzusidagi mebellarning kelishidan oylab darak bo‘lavermagach, qo‘ng‘iroqlar javobsiz qolavergach,  chuv tushganini his qilishgan mijozlar ijtimoiy tarmoq orqali o‘zlariga o‘xshash jabrdiydalarni qidira boshlashdi. Mavjud bo‘lmagan mebel sexi mahsulotlarining reklamasiga uchgan bir necha o‘nlab mijozlar birlashib, ichki ishlar organlariga murojaat qilishdi.

Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB xodimlari ko‘pchilik nomidan bitilgan shikoyatni ko‘rib chiqib, firibgarning iziga tushdilar. Tez orada  yashash manzilini o‘zgartirib, soddalarning pullarini o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan Sadir ushlandi. Tergov u jarayonida aybini tan olmadi. Biroq jabrdiydalar bilan yuzlashtirilganda misi chiqib, ko‘rsatmalar bera boshladi. Tergovda Sadirning aybi to‘liq isbotlandi va unga nisbatan jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan sudga yuborildi.

Shu o‘rinda fuqarolarimizdan bu kabi firibgarlar nayrangiga tushmaslik uchun bir qator ehtiyot choralarini ko‘rishlarini so‘rab qolamiz: ijtimoiy tarmoqlar orqali berilgan eʼlonda ko‘rsatilgan yuridik tashkilot haqiqatdan mavjudmi yoki yo‘qmi, soliq idoralari orqali yoki hududiy profilaktika inspektorlari orqali tekshiring. Ko‘rsatilgan yuridik manzilni shaxsan borib ko‘ring, qancha muddatdan beri faoliyat olib borayotganligini o‘rganing. Hujjatlar yuridik jihatdan to‘g‘ri rasmiylashtirilganligiga ahamiyat bering.

Barcha yangiliklar

Text to speech