Har bir idoraning ish faoliyati keldi-ketdi xat, qog‘ozlarning “o‘chog‘i” bo‘lmish Kotibiyatdan boshlanadi. Har bir hujjat u yuqori turuvchi idoranikimi, tashkilot, korxonanikimi, fuqaronikimi birinchi navbatda rahbariyatga kiradi. Keyingi bosqich esa uning ijrosini kechiktirmay qonun doirasida taʼminlash. Bu o‘rinda Kotibiyat xodimlarining o‘z ishlarini aniq va to‘g‘ri bajarishi katta ahamiyat kasb etadi. Hujjatlarning ijro muddatlarini nazoratga olish, ijrochiga yetkazish, ijro natijalaridan ularni xabardor etish to‘xtovsiz va doimiy jarayondir.
Bektemir tumani IIB Kotibiyatida yollanma xodim bo‘lib ish boshlagan Baxtiya Sodiqova ish jarayoniga tezda kirishib keta olmadi. Biroq tirishqoqligi va ziyrakligi sabab ustozlari – tahliliy bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik Faxriddin Egamberdiyev, Kotibiyat boshlig‘i, serjant Zulfiya Baxtiyeva, katta ish yurituvchi, safdor Jadgerova Aygullarning maslahati va yo‘l-yo‘riqlariga amal qilib, zarur ko‘nikmalarni hosil qildi. Oradan bir yil o‘tib, sohaning sir-asrorlarini o‘zlashtirgan, ishlash jarayonida kasbiga mehr qo‘ygan Baxtiya tuman IIB Kotibiyatining katta ish yurituvchisi lavozimiga tayinlanib, safdor unvoni berildi.
Har bir kasbning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari, mashaqqatlari bor. Lekin inson ularni yengib o‘tishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ysa, albatta unga erishadi,- deydi suhbatda Baxtiya. – Tumanimizda sanoat korxonalari talaygina. Aytarli, har kuni o‘nlab murojaatlar, so‘rovnomalarni qayd etamiz. Ularning ijrolarini tahliliy bo‘lim xodimlari bilan birgalikda nazorat qilib boramiz. Har bir hujjat ortida inson, yurtimiz ravnaqi, rivojlanishi uchun harakat turadi. Ehtimol ayrimlar uchun ishimiz osondek tuyular. Biroq ko‘zga ko‘rinmasdek tuyulgan bu ish katta masʼuliyat va eʼtiborni taqozo etadi.
Oylik, chorak va yillik hisobotlarni muddatida tayyorlash, xatoga yo‘l qo‘ymaslik, to‘g‘ri tasniflash diqqat va javobgarlikni talab qiladi. Baʼzan ishda uzoq vaqt qolib ketishga, bayram, dam olish kunlari ham ishlashga to‘g‘ri keladi. Baxtiyaning turmush o‘rtog‘i ham shu soha vakili bo‘lganligi bois bu holatlarni to‘g‘ri tushunadi. Turmush o‘rtog‘ining xayrixohligi, qo‘llab-quvvatlashi tufayli, Baxtiya yana-da yuqori marralarni zabt etish va oliy maʼlumotli bo‘lish maqsadida Respublika IIV Akademiyasiga hujjat topshirdi. Imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan Baxtiya hozir 2-bosqichda o‘qishni ish bilan birga olib bormoqda. Kelgusida uning orzulari bisyor. Bilimga, o‘qib o‘rganishga chanqoq bu ayolning albatta, orzulariga yetishishiga shubha yo‘q.