Yosh bo‘lishiga qaramay, xizmatning sir-asrorlarini o‘rganib, Respublika Bosh prokuraturasi huzuridagi huquqni muhofaza qilish Akademiyasida olgan bilimlarini amalda muvaffaqiyatli qo‘llab kelayotgan Mudassarning ish boshlaganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. 2023 yili yuqoridagi bilim dargohini bitirib, poytaxtning Yangihayot tumani IIO FMB 3-sonli IIB profilaktika inspektori lavozimida ish boshlagan leytenant Mudassar Muhammadiyev katta profilaktika inspektori, katta leytenant Jasur Rahmonovni o‘z ustozi deb biladi. Ustozining fuqarolar bilan muomalasi, ularning murojaatlariga munosabati, ish yuritishi, mahalla faollari, hududda joylashgan idora va tashkilotlar bilan hamkorligi, har bir murojaatga vaqt topishi, muammolarni qonuniy hal etishdagi xatti-harakatlarini o‘rgangan shogird, bugun bemalol o‘zi mana shu vazifalarni aʼlo darajada bajarib kelmoqda.
– Hududimizda ichuvchi-janjalkash oilalar deyarli yo‘q, – deydi M.Muhammadiyev. – Sakkiz nafar tarbiyasi og‘ir deb topilib, “Qizil toifa”ga kiritilgan o‘smirlarimiz bor. Ular qiziqishlariga qarab turli sport to‘garaklariga jalb etilgan. Haftasiga xabar olinib, hulqi, yurish-turishi o‘rganilib, tegishli suhbatlar o‘tkazib borilmoqda. Yoshlar yetakchilari bilan hamkorlikda moddiy qiynalib qolgan besh nafar oliygohlarda taʼlim oluvchi yoshlarimizning shartnoma pullarini to‘lab berishga erishdik.
M.Muhammadiyev xizmat ko‘rsatayotgan hududda sudlanganlar deyarli yo‘q hisob. Hudud aholisi asosan mehnatkash, tinchliksevar, ahil-inoq, aksariyati ish bilan band. Bu esa hudud aholisining oriyatli ekanligidan darak beradi. Quyida Mudassar bayon qilgan voqea fikrimizni tasdiqlaydi.
– Bu xonadonga kirib borganimda, nozikkina qizning yelkasida shunday zalvorli yuk turganini ko‘rib taʼsirlanib ketdim, – deydi leytenant Mudassar Muhammadiyev. – Ota-onasi nogiron, yana ikki ukasi nogiron. Ularni parvarishlash, uy-ro‘zg‘orni tebratish ana shu qizning yelkasida. Ammo dardini ko‘chaga oshkor qilmagani uning qanchalar nomusli va hamiyati kuchli ekanligidan dalolat beradi. Halol mehnati bilan ularni parvarishlab kelayotgan bu qizning irodasi, bardoshiga qoyil qoldim. Ahvolni o‘rganib, sayyor qabulga yozdirib, uyiga issiqliq moslamasi o‘rnatib berishga erishdik. Bundan tashqari oziq-ovqat mahsulotlari hamda moddiy pul ajratildi. Har oy xabar olish yo‘lga qo‘yilib, mahalla fuqarolar yig‘ini bilan hamkorlikda ijtimoiy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.
Hamyurtlari tashvishiga befarq bo‘lmagan, biriktirilgan hududda tinchlik-osoyishtalikni saqlash, fuqarolarning mehnat qilishi, o‘qishi, xotirjam yashashi uchun sidqidildan xizmat qilib kelayotgan Mudassar Muhammadiyev kabi shijoatli yoshlar safimizda ko‘payaversin.