2016 yili O‘zbekiston Milliy universitetini muvaffaqiyatli tugatgan Firdavs Mirzayev ilk ish faoliyatini poytaxt maktablaridan birida muallimlikdan boshladi. Yoshligidan ichki ishlar idoralarida xizmat qilish orzusida bo‘lgan Firdavs yillar o‘tsa-da, o‘z orzusidan voz kecha olmadi. Nihoyat, uzoq yillardan buyon maktabda bolajonlarga bilim berib kelayotgan onasiga bu haqda aytganida, Muhayyo opa dadasi Anvar aka bilan maslahatlashib ko‘rishini bildirdi. Kasbi muhandis bo‘lgan, ko‘p yillardan beri energetika sohasida halol mehnat qilayotgan Anvar aka:
– Men sening izingdan borgan desam, orzusi boshqa ekan-da! Shuncha yillar bizning ko‘nglimizga qarab kelibdi-yu, biz bir og‘iz istagi bilan qiziqmabmiz,– deya xo‘rsinib qo‘ydi.
Ota-onasining roziligini olgan Firdavs 2022 yilning dekabrida poytaxt IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi kichik mutaxassisi lavozimiga qabul qilindi. Maktabda o‘quvchilarga saboq berib kelgan Firdavs endi o‘zi ustozlaridan saboq ola boshladi. Bilimga, izlanishga chanqoqligi, bolalarning qalbiga yo‘l topa olish, muomala qilish, odob-axloq qoidalarini puxta egallaganligi yangi sohasini o‘zlashtirish, ko‘nikma hosil qilishda asqotdi.
Yosh xodim xizmatning sir-asrorlarini sabr va xushfeʼllik bilan o‘rgatgan ustozlari podpolkovniklar, bo‘lim boshlig‘i Sarvar Rahmatullayev, yetakchi mutaxassis Baxtiyorxo‘ja Nosirxo‘jayevlar haqida chuqur minnatdorlik va samimiy hurmat bilan gapiradi.
– Mening omadim bor ekan, shunday o‘z kasblarining fidoyilari, katta tajribaga ega insonlar menga ustozlik qildilar, – deydi safdor Firdavs Mirzayev. – Ularning o‘git va maslahatlariga amal qilib kelmoqdaman. Biroq hali so‘rab o‘rganadigan narsalarim ko‘p.
Bugungi kunda Firdavs jismoniy imkoniyatlari cheklangan, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj, maʼlum sabablarga ko‘ra boshqarmaga kela olmaydigan shaxslarga ID kartalarini rasmiylashtirish borasida tashkil etilgan sayyor xizmat ko‘rsatish guruhida o‘z vazifalarini sidqidildan bajarib kelmoqda. Shuningdek, xorijga chiqish istagidagi fuqarolarga tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish ishlarida zimmasiga yuklangan xizmat vazifalarini vijdonan, halol ado etmoqda. Mazkur sohada tajriba orttirib, kelgusida ustozlari kabi o‘zi ham shogird yetishtirishiga shubha yo‘q.