18 Sentyabr 2025 Yil 330

O‘quv dargohlarida targ‘ibot tadbirlari

Poytaxtimiz hududida faoliyat yuritayotgan taʼlim dargohlari o‘quvchi va talabalari o‘rtasida jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish, ayniqsa bugungi kun muammosiga aylanayotgan giyohvandlik va kibermakonda chuqur ildiz otib borayotgan kiberjinoyatlarga qarshi kurash mavzusiga bag‘ishlangan profilaktik tadbirlar: ochiq muloqot tarzidagi uchrashuv, davra suhbatlari, seminar-treninglar izchil ravishda o‘tkazib kelinmoqda. Mazkur tadbirlar jinoyatchilik va huquqbuzarliklar, ayniqsa axborot texnologiyalari sohasida sodir bo‘layotgan kiberfiribgarlik, shaxsiy maʼlumotlardan foydalanib tovlamachilik, mo‘may pul evaziga giyohvandlik moddalari savdosi, isteʼmoliga daʼvat, aqidaparastlik, zo‘ravonlikni targ‘ib qilish kabi jamiyatimiz, qadriyatlarimizga yot bo‘lgan salbiy illatlarga qarshi kurashish, himoya immunitetini shakllantirish, huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan. Har bir o‘quvchi va talabaning diqqatiga bu kabi jinoyatlar, salbiy harakatlarning mudhish oqibatlari, oilalar boshiga keltirayotgan kulfatlar, shaxsning maʼnaviy tanazzulga yuz tutishi haqqoniy dalillar misolida keltirib o‘tilayotgani tadbirning jonli va haqqoniyligini taʼminlab, ishtirokchilarning hushyorligi va ogohligini kuchaytirishga, o‘z kelajaklariga beparvo bo‘lmaslikka undamoqda.

Kunning dolzarb muammosiga aylangan mavzuga bag‘ishlangan tadbirlar Toshkent shahar IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi masʼul vakillari hamda Olmazor tumani IIO FMB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarni oldini olish bo‘limi mutaxassislari tomonidan O‘zbekiston Milliy universitetida, Yunusobod tumani IIO FMB sohaviy xizmatlar masʼullari tomonidan Toshkent Moliya instituti hamda Tashkent International Universityda o‘tkazildi. Talabalar bilan o‘tkazilgan mazkur uchrashuv va davra suhbatlarida maʼruzachilar ko‘p sonli auditoriya eʼtiboriga axborot texnologiyalari sohasida sodir etilayotgan jinoiy harakatlar, feyk maʼlumotlarga to‘xtalib, kiberxavfsizlik qoidalariga rioya qilishni o‘rganish, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha maʼruza qildilar. Shuningdek, yoshlar o‘rtasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarga ruju qo‘yish holatlarining oldini olish, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda ogohlikni kuchaytirish, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Bunday uchrashuvlar talabalar uchun foydali bo‘lib, ularning huquqiy bilimlarini oshirish, zamonaviy axborot makonida o‘zini himoya qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgani, salbiy illatlardan himoyalanish, sog‘lom turmush tarzini tanlashga targ‘ib, ogohlik va hushyorlikka chaqirish bilan ahamiyatlidir.

Barcha yangiliklar

Text to speech