O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida bayram tadbiri tashkil etildi
Poytaxtimizda tinchlik-osoyishtalikni saqlash, yurt rivoji va farovonligini taʼminlash, adolatli va fuqarolik jamiyatini yaratish yo‘lida mehnat qilgan fidoyi faxriylarimiz hamisha eʼtirof va eʼzozda.
1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Toshkent shahar IIBB da ichki ishlar vazirligi tizimidagi faxriylar ishtirokida bayram tadbiri tashkil etildi. Uchrashuvga taklif etilgan bir guruh faxriylar dastlab “Yangi O‘zbekiston” bog‘i bo‘ylab sayohat uyushtirdilar.
Tadbir “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘yish bilan boshlandi.
Faxriylarning hayotiy tajribasi va bilimlaridan ichki ishlar organlarida keng foydalanish doim o‘z samarasini berib kelgan. Yoshlar uchun o‘rnak va namuna bo‘lgan ustozlar poytaxtimizdagi “Texnopark” faoliyatini borib ko‘rdilar. Bu yerda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahalliy mahsulot va turlari bilan yaqindan tanishdilar.
Uchrashuv Toshkent shahar IIBBda davom etdi. Unda Bosh boshqarma rahbariyati, faxriylar, maslahatchi-murabbiylar, tarkibiy hududiy ichki ishlar organlari yosh xodimlari, Yoshlar ittifoqi yetakchilari, IIV 1-sonli akademik litsey o‘qituvchi va o‘quvchilari qatnashdilar. Tadbirni Bosh boshqarma boshlig‘i, polkovnik Ravshan Sultanxodjayev ochib, yig‘ilganlarni bayram bilan tabriklab, mehnat faxriylarining Bosh boshqarma faoliyatidagi o‘ziga xos o‘rni, poytaxt hududida jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash ishlariga qo‘shgan ulkan hissalarini taʼkidlab o‘tdi. Shuningdek, ularning nafaqada bo‘lishiga qaramay yosh kadrlarni tarbiyalash, xizmat ko‘nikmalarini shakllantirish, malakasini oshirish, tajribalarini singdirish borasidagi xizmatlariga to‘xtaldi. IIBB boshlig‘i maslahatchisi, isteʼfodagi polkovnik Murod Karimovning Faxriylar kengashi faoliyati bo‘yicha hisoboti tinglangach, bir guruh faxriylar va yoshlarga, ota-onalarga Respublika IIV mukofotlari, IIBB faxriy yorliqlari, tashakkurnomalar tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, poytaxtimiz tinchligi-osoyishtaligini taʼminlash yo‘lida sidqidildan mehnat qilib, nafaqa yoshiga yetgan to‘rt nafar xodimlarning fidoyi xizmatlari eʼtirof etilib, chuqur hurmat va ehtirom bilan nafaqaga kuzatildi. Tantanalar sanʼatkorlarning sho‘x kuy-qo‘shiqlari va raqslariga ulanib, barchaga xush, bayramona va ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi. Shundan so‘ng faxriylar uchun bayram dasturxoni yozildi.