7 Iyul 2024 Yil 1291

O‘n besh kunda so‘ngan ishq

Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari Sergeli tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, kapitan Doniyor Nusratillayev tomonidan bayon etildi. Uning taʼkidlashicha, bu jinoyat ishi uning yurituvida bo‘lgan, oqibati ayanchli tugagan jinoyat ishlaridan biridir. Biz buni bir oz badiiy yondashgan holda o‘quvchilarga yetkazishga qaror qildik.

Yigirma yoshli Komiljon hali 18ga to‘lmagan Muslimaxonni sevib qoldi.  Ikki-uch oy  uchrashib yurib, uylanishga qaror qildi. 2023 yilning bahorida Komiljon onasiga qizning uyiga sovchilikka borishini  aytganida, onasi keskin rad etdi. “Uylangandan ko‘ra hunar o‘rgan, ishla, pul top, keyin uylanish haqida o‘ylaysan. Senga qo‘shib, xotiningni ham men boqamanmi, boshimga balo qilib”, – dedi ona. Onasidan xafa bo‘lgan oshiq, shu zahotiyoq qiz bilan uchrashishga kelishdi va tunda poytaxtga qochish taklifini berdi. Shuni kutib turgandek, maʼshuqasi ham darrov rozi bo‘la qoldi. Uydagilarning uyquga ketishini kutgan beqaror oshiq tunda otasidan qolgan “VAZ-2106” rusumli avtomashinani haydab chiqib ketdi. Sergeli tumanidan ijaraga uy topib yashay boshlashdi. Mashinani esa 3.500.000 so‘mga sotib yubordi. Puliga atigi 10 kungina shohona yashash nasib qildi. Boyvachcha “oshiq” 14 may kuni sevgilisi bilan Yakkasaroy tumanidagi “NEXT” majmuasiga aylangani borishdi. sevgilisi ochqaganini aytganda, cho‘ntagiga qo‘lini tiqqan oshiq, qarasaki, cho‘ntakda hemiri yo‘q. Ovqatlanish tugul ijara uyiga yetib olish muammo. Angladiki, sevgi qorin to‘ydirmas ekan. Muslima esa takror-takror “ovqatlanaylik”, deb qo‘ymasdi. Birinchi marta sevgilisi ko‘ziga juda xunuk, ochofatday ko‘rinib ketdi. Xayoliga faqat menmi, u ham pul topsin, degan o‘y keldi va alang-jalang qilib, o‘rindiqda 300 AQSH dollarilik “Iphone XS” telefonini  o‘ynab o‘tirgan 10 yashar bolani mo‘ljalga oldi. “Malikasi”ga borib, bolani aldab telefonni o‘g‘irlab kelishini aytdi. Sevgi ko‘zini ko‘r, qulog‘ini kar qilib qo‘yganmidi yoki ochlik undadimi, Muslima bolani avrab telefonni qo‘lga kiritdi. Shu zahotiyoq ular shoshib ko‘chaga otilishdi. Telefonni yaqin do‘konga kirib sotishga uringanda, sotuvchi yigit uni o‘g‘irlangan-o‘g‘irlanmaganligi haqida so‘raydi va har ehtimolga qarshi suratga olib qo‘yishini aytganda, oshiq yigit Muslimaning pasporti yo‘qligidan foydalanib, qizni suratga olishini, telefon egasi u ekanligini bahona qilib, o‘zini kadrdan chetga oladi. 400.000 so‘m oshiqlarga bir necha kunga yetdi xolos. Qanday qilib pul topish haqida o‘ylayotgan Komiljon tushkunlikka tushib, pulsiz sevgining umri qisqa ekanligi, bir o‘zi-ku amallasa bo‘lishi, lekin “manavi” oshiqcha daxmaza ekanligi haqida o‘ylay boshladi.  Oshqozonni aldab bo‘lmas ekan, hatto otashin sevgi bilan ham. Komil buni tezda tushunib yetdi. 23 may kuni tungi sayrga chiqqan oshiqlar ancha vaqt aylanib yurishdi. Soat 02.00 larda  Komilning eʼtiborini 1995 yilda tug‘ilgan Oybekka tegishli bo‘lgan “VAZ-2106” avtomashinasi tortdi. Bu rusumdagi avtomashinani ilgari haydagani, uning sir-asrorini bilgani uchun  asta unga yaqinlashdi. Kalit tanlash yo‘li bilan eshigini ochib, o‘t oldirish qulfi simlarini uzib, bir-biriga ulash orqali o‘t oldirib haydab ketdi. U hammasini tashlab, sevgisiga ham qo‘l siltab, issiq, yumshoq, top-toza o‘rin-ko‘rpasi, mazalidan-mazali osh-ovqati tayyor, pul so‘rasa javrab-javrab bo‘lsa-da beradigan onasi bor qadrdon ota uyiga qaytishni rejalashtirgandi. Biroq  Sergeli tumani IIO FMB PPX xodimlari tomonidan to‘xtatilib, hujjatlari so‘ralganda,  o‘g‘irligi fosh bo‘ldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudi  Komiljonni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi (“O‘g‘rilik”), 267-moddasi (“Transport vositasini olib qochish”), 127-moddasi (“Voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish”) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi. Unga olti yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlandi. 

Muslimaning esa voyaga yetmaganligi, muqaddam sudlanmaganligi, birinchi marta jinoyat sodir etganligi inobatga olinib jazodan ozod etildi va yashab turgan joyida profilaktik hisobga qo‘yildi.

Har ikkisi uchun oshiqlik shunday yakun topdi. Xulosa chiqarish sizdan, azizlar.

Barcha yangiliklar

Text to speech