15 Oktyabr 2024 Yil 61

Omborxonadagi “kalamush”

Ravshan ancha payt ishsiz yurdi. Birida maoshi kam desa, birining mehnati og‘ir, dedi. Aslida, o‘tirgan qiz o‘rnini topar, degan iboraga o‘zgartirish kiritilganu, hali ommaga tarqalmagan ko‘rinadi. Qarang, o‘tirib-o‘tirib, omadi chopdi-yey! Aloqa vositalari, uyali telefon apparatlarini do‘konlarga yetkazib berish, nuqsoni aniqlanganlarini taʼmirlash, sotilmay qaytganlarini ishlab chiqaruvchiga qaytarish bilan shug‘ullanuvchi masʼuliyati cheklangan jamiyatga oddiy ishchi emas, tovarshunos – qo‘shimchasiga ombor mudiri– lavozimiga qabul qilindi. Agarda o‘shanda jamiyat rahbarlari qo‘ylarni ishtahasi karnay bo‘riga topshirayotganini, omborxonaga ikki oyoqli “ kalamushni” qo‘yib yuborayotganini bilishganida edi, Ravshanni vallomati tavsiya qilganida ham ishga olishmagan bo‘lardi. 2021 yilning iyulida ishga qabul qilingan xizmatchi ko‘p o‘tmay ombordagi mollarga ko‘z olaytira boshladi. Uning yoqtirmagan odamlari do‘kondorlar edi. Chunki, ular bir parcha “nakladnoy”larni ko‘tarib kelib, quti-quti mollarni olib ketishar, go‘yoki Ravshanning yuragining bir parchasini yulib ketishayotgandek ko‘nglini behuzur qilar, qutilar ichida million-million pullarning undan uzoqlashib ketayotganini ombor mudiri hazm qilolmasdi. axiyri undagi g‘araz, buzuq nafs, egrilik bo‘y ko‘rsatdi. Aloqa vositalarini do‘konlarga tegishli hujjatlar asosida topshirish o‘rniga o‘zi sotib daromad topishni rejalashtirdi. 2022 yilning 26 iyunida qaysi birini nuqsonli, qaysi birini qimmatligi uchun sotilmagani yana qaysisinidir singan-buzilganligi haqida soxta dalolatnomalar tuzib, imzolarni qalbakilashtirib 2 dona “Samsung Galaxy Z” smartfoni, 15 dona “Samsung Galaxy S 22” , 7 dona “Iphone 13 Pro” – jami 24 dona telefonlarni noqonuniy ravishda omborxonadan gumdon qildi.O‘g‘irlangan telefonlarni tergov jarayonida aniqlashning imkoni bo‘lmagan shaxslarga sotib yubordi. Qilmishining avvalida bezovta va xavotir sezgan Ravshan bir muddat o‘zini halol va ishga jonkuyar ko‘rsatishga tirishib yurdi. Ammo qing‘irlikdan hech kim xabardor emasligini bilgach, xotirjam tortdi. Ayniqsa, telefonlarning sotuvidan tushgan mo‘may daromad, jazosizlik uni “ilhomlantirdi”. Oradan ko‘p o‘tmay xuddi shunday hujjatlarni soxtalashtirish orqali 51 dona “Redmi 10”, 21 dona “Redmi 11”, 4 dona “Galaxy A 23”, 4 dona “Galaxy A 33”, 4 dona “Galaxy A 53” – jami 84 dona yaʼni 40.276 AQSH dollarilik telefonlarni noqonuniy olib chiqib, sotib pulini o‘z ehtiyojlariga ishlatib yubordi.
Biroq har joyda ertami kechmi nazorat, hisob-kitob qilinishi muqarrar. Jamiyat rahbariyati ham o‘z korxonasida rejali ravishda taftish va inventarizatsiya o‘tkazishni boshladi.
– Masʼuliyati cheklangan jamiyat tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida hujjatlarning soxtalashtirilgani ortidan jamiyatga juda ko‘p miqdorda moddiy zarar yetkazilgani maʼlum bo‘ldi, – deydi Yashnobod tuman IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, podpolkovnik Odil Mamatayev. – Tergov jarayonida Ravshandan tashqari yana ikki shaxsga nisbatan jinoyat ishlari ochilib, alohida ish yurituviga ajratilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi 1994 yilda tug‘ilgan S.Ravshanning qilmishiga qonunan baho berdi. U O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (“O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish”) bilan aybli deb topildi va yetkazilgan moddiy zarar qoplanganligi inobatga olinib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda, 2 yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qilindi. Shuning bilan birga 1 yilga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bo‘lgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech