Yashnobod tumani IIO FMB rahbariyati va mas’ullari tomonidan tumanda joylashgan Ajou institutida 220 nafar hamda Stomatologiya institutida 260 nafar talabalar bilan davra suhbatlari o‘tkazildi. “Sog‘lom turmush tarzi”, “Giyohvandlik – asr vabosi, undan yoshlarimizni asraylik!”, “Kiber tahdidlardan ogoh bo‘ling!” mavzulariga bag‘ishlangan uchrashuvlarda talabalardan tashqari oliygohlarning professor-o‘qituvchilari, guruh tyutorlari, yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi xodimlari ishtirok etishdi. Katta auditoriya oldida so‘zga chiqqanlar asrimizning global muammosiga aylanib ulgurgan giyohvandlik balosi, uning inson salomatligi, ruhiyatiga xavfli ta’siri, oila va jamiyat inqiroziga yetaklovchi mudhish oqibatlari, giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish natijasida sodir etilayotgan jinoyatlar tahlili bilan tanishtirib, ularning kelib chiqish sabablari, qonunda giyohvandlik moddalarni o‘tkazish, tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar uchun belgilangan javobgarliklar haqidagi ma’lumotlarga to‘xtaldi.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali “tinchlantiruvchi”, “kayfiyatni ko‘taruvchi beozor dori” sifatida tavsiya etilayotgan, ammo inson ruhiyatiga qattiq ta’sir qiluvchi psixotrop dori vositalari misol tariqasida keltirilib, yig‘ilganlar hushyorlik va ogohlikka chaqirildi. Shu bilan birga mazkur illatlarga qarshi samarali kurashning innovatsion usullari va vositalari ta’kidlanib, yoshlarga tarmoqlardagi turli feyk ma’lumotlarga ishonmaslik, ijtimoiy tarmoqlarni o‘zlari uchun foydali, bilimi, dunyoqarashini oshirish, baxtli kelajagini yaratish, ma’naviy muhit sog‘lomligi va barqarorligini ta’minlash yo‘lida foydalanish bo‘yicha zaruriy ko‘rsatma va tavsiyalar berildi. Uchrashuv ishtirokchilarning ko‘plab savollariga javob berish bilan davom etdi. Yakunida esa yig‘ilganlarga mavzuga oid bukletlar tarqatildi. Bu kabi keng qamrovli targ‘ibot tadbirlari poytaxt tumanlarida davom ettirilmoqda.