Barkamol avlodni Voyaga yetkazish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarga doimiy g‘amxo‘rlik qilish davlatimiz siyosatining eng muhim va ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Quvonarlisi, O‘zbekiston yoshlari bugungi kunda nafaqat respublika, balki dunyo miqyosida o‘z aql-zakovati, shijoati, intellektual salohiyati, baxtli kelajakka intiluvchanligi bilan e’tibor qozonmoqda. Ta’lim-tarbiya, ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-huquqiy, sport-sog‘lomlashtirish sohalarida samarali faoliyat yuritmoqda. Ammo ijobiy natijalar qatorida, yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar hamon yuqoriligicha qolayotganini afsus bilan ta’kidlamoq lozim. Kuni kecha Toshkent shahar IIBB Probatsiya boshqarmasi hamda IIV Akademiyasi magistratura tinglovchilari hamkorligida “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi doirasida G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filiali professor-o‘qituvchilari, talabalari bilan o‘tkazilgan navbatdagi profilaktik tadbirda ana shu masalalarga urg‘u berildi.
Yoshlar bilan shu kabi uchrashuv Uchtepa tumanidagi O‘zbekiston davlat jahon tillari Universitetida ham tashkil etildi. Tuman IIO FMB rahbariyati va IIV Akademiyasi magistratura tinglovchilari ishtirokida o‘tkazilgan bu uchrashuv yoshlar o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbirlardan ko‘zlangan maqsad: joriy yilning 3 noyabrida Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonining mazmun-mohiyatini yoshlarga yetkazish, yoshlar sog‘lig‘i hamda millat genofondini samarali himoya qilish bo‘yicha belgilangan vazifalarni amalga oshirishdan iboratdir.
Ta’kidlash joizki, uchrashuvlar ochiq muloqot shaklida tashkil etildi. Mutasaddilar o‘z ma’ruzalarida aholi salomatligi va millat genofondiga jiddiy tahdid solayotgan giyohvandlik va psixotrop vositalari, kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasi, ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlarni turli yo‘llar bilan uning tarqatilishi va oldi-sotdisiga jalb qilish holatlari, yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan narkojinoyatlar haqida hayotiy misollar, statistik ma’lumotlarni taqdim etdilar. Shuningdek, giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlarga qonunchiligimizda belgilangan jazolar, mazkur Farmon negizida javobgarlikning yanada kuchaytirilishi haqidagi ma’lumotlar eslatib o‘tilib, talabalar chuqur ta’lim olish, mukammal kasb egasi bo‘lishga chaqirildi. Shuningdek, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, giyohvandlikka qarshi kurash bo‘yicha mas’uliyat hamda hushyorlikni oshirish, bu illatlardan himoyalanish choralari haqida tavsiyalarga e’tiborni qaratdilar. Tadbir yakunida talabalarning mavzu bo‘yicha fikr-mulohazalari tinglanib, ularning savollariga javoblar berildi.