Bugun Yunusobod tumanidagi “Sahovat servis” sport majmuasida sportning voleybol turi bo‘yicha mahalla yoshlari o‘rtasida “Ichki ishlar vaziri kubogi” musobaqasining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida tashkillashtirilgan mazkur musobaqa yoshlar orasida sportni yanada ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va jamoaviy sport orqali yoshlarni birdamlikka, hamjihatlikka o‘rgatishga qaratilgan.
Keskin va shiddatli bo‘lib o‘tgan o‘yinlarda Toshkent shahrining ikkita jamoasi Vazir kubogining finaliga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
16-21 yoshli o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi musobaqaning Toshkent shahri nomidan Yunusobod tumani jamoasi, 22-30 yoshli o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi musobaqada Toshkent shahri nomidan Yakkasaroy tumani jamoasi final bosqichida ishtirok etdi.
Qizg‘in va murosasiz o‘tgan bellashuvda Yunusobod tumani jamoasi Farg‘ona viloyati yoshlari bilan bellashib birinchi o‘rinni egalladi. Yakkasaroy tumani yoshlari Surxondaryo viloyati jamoasi bilan kurashib, so‘zsiz g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
G‘olib bo‘lgan yoshlarga musobaqa kubogi hamda esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Poytaxt mahallasi yoshlarining bugungi g‘alabasi bilan Toshkent shahar IIBB nomidan tabriklaymiz. Ularga kelgusidagi hayotida omad va zafarlar tilab qolamiz!