25 Yanvar 2025 Yil 201

Oylik kundaligi

Shahrimizda “Xavfsiz va sog‘lom poytaxt” oyligi davom etmoqda. Poytaxt IIBB xodimlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan birgalikda amalga oshirayotgan tezkor tadbirlari davomida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, kuchli ta’sir qiluvchi vositalarni noqonuniy ravishda tarqatish, saqlash, muomalaga kiritish bilan bog‘liq jinoiy holatlar aniqlanmoqda. Bunday moddalarning savdosi Internet tarmoqlariga ko‘chishi, e’tiqodi sust, ma’naviyati sayoz yoki tezda boyib ketish kabi g‘araz niyatda bo‘lgan shaxslarni o‘z “to‘riga” oson ilintirmoqda.
Kuni kecha poytaxtimizning Chilonzor tumanida ichki ishlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, 1993-yilda tug‘ilgan R.Ismoilning yashash xonadoni ko‘zdan kechirildi. Tekshirish jarayonida puxtalik bilan yashirilgan umumiy og‘irligi 132 gramm bo‘lgan 29 702 dona bir martalik iste’mol uchun tayyorlab qo‘yilgan har xil turdagi giyohvand va psixotrop moddalari, 3 dona elektron tarozi, izolenta va “zip” paketlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (“Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Shayxontohur tumanida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda 1982-yilda tug‘ilgan, muqaddam o‘g‘irlik jinoyati uchun sudlangan H.Abdug‘ofur hamda 1988-yilda tug‘ilgan U.Farhodlar ketayotgan avtomashina to‘xtatilib xolislar ishtirokida tekshirildi. Tekshiruv jarayonida avtomashina salonida 1028 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari aniqlandi va ashyoviy dalillar tegishli tarzda rasmiylashtirib olindi.
Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 251-prim 1-moddasi (“Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Har ikki holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech