2 May 2025 Yil 825

Oylik doirasidagi tadbirlar kundaligiga nazar

“Xavfsiz va sog‘lom yurt” doirasida amalga oshirilishi belgilangan tezkor-profilaktik tadbirlar poytaxtimizning barcha hududiy tizimlarida samarali olib borilmoqda. Belgilangan uchrashuvlardan navbatdagisi Bektemir tumani IIO FMB tomonidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” hamda “Quyuv-mexanika zavodi” aksiyadorlik jamiyatlarida bo‘lib o‘tdi. Har ikki jamiyat masʼullari, ishchi-xizmatchilari ishtirokidagi uchrashuvda so‘zga chiqqan tuman IIO FMB boshlig‘i, podpolkovnik Ulug‘bek Nazarov dunyoning globallashuvi negizida tobora insoniyatni qamrab olayotgan, uning inqirozga yuz tutishiga olib kelayotgan giyohvandlik balosi muammolariga to‘xtaldi. Giyohvandlik bilan bir qatorda psixotrop, inson ruhiyatiga kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasi, eng afsuslanarlisi, o‘z girdobiga yoshlarni ham tortayotganini misollar yordamida taʼkidladi. Giyohvandlikning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurash, mustahkam immunitetni shakllantirish maqsadida, yoshlar o‘rtasida profilaktik-tushuntirish ishlarini kuchaytirish lozimligi, bunga har bir fuqaro o‘z hissasini qo‘shishi, yoshlarning, farzandlarning yurish-turishi, qiziqishlari, nimalar bilan shug‘ullanayotganligini nazorat qilishi zarurligi eʼtirof etildi. Shuningdek, uchrashuvda internet makonlarida giyohvandlik vositalarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanuvchi, unga daʼvat etuvchi guruh va kanallarga aʼzo bo‘lmaslik, bundaylar aniqlanganda, ichki ishlar organlariga xabar berish kerakligi eslatib o‘tildi. Qiziqarli va ishtirokchilarning faolligi ruhida o‘tgan tadbirda yig‘ilganlar giyohvandlik bilan bog‘liq o‘zlarini qiziqtirgan savollariga to‘laqonli javoblar olishdi. Bu kabi tadbirlar tumanda joylashgan barcha korxona va tashkilotlar qamrovida o‘tkazib kelinmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech