7 Dekabr 2024 Yil 425

Oilaviy firib

        Abbos xorijga ishlagani ketgan oshna-ogʻaynilariga havas bilan qarardi. Hammasidan har xil gap eshitar, taroziga solib qarasa, eng koʻp maosh toʻlanadigan, yashash sharoitlari risoladagidek davlat Janubiy Koreya ekan. U yerda oʻzbeklar koʻpligidan, koreys tilini bilish ham shart emaskan. Shunga qaramay u koreys tilini oʻrganish niyatida tuman markazidagi oʻquv kurslariga qatnay boshladi. Uni bitirish arafasida ushbu davlatga viza ochish taraddudiga tushdi. Bu ishda unga yordam beradigan biron kishini topmagach, koreys tili oʻqituvchisi Nodirbekning bu davlatda ishlab kelganligi yodiga tushib, undan maslahat va koʻmak soʻradi. Sh.Nodirbek viza toʻgʻirlab beradigan odam borligini, undan soʻrab-surishtirib javobini aytishga vaʼda berdi. Soʻrab-surishtiradigan odamlari esa otasi va akasi boʻlib, ular oʻrtada pul talashib, bir-birlari bilan nizolashib qolishdi. Oxir-oqibat 20.000 AQSH dollarida toʻxtashdi. Oradan koʻp oʻtmay biznes-viza olish uchun 20.000 AQSH dollari kerakligini aytdi. Abbos uydagilarni koʻndirib, kerakli pullarni toʻplagach, Nodirbekka eltib, tez orada viza olishiga umid bogʻlab, yangi-yangi rejalar tuza boshladi. U Nodirbekning ilgari ham bir necha marotaba firibgarlik jinoyati uchun sudlanganini, uning tuzogʻiga tushganini qayoqdan ham anglasin. Biroq turli bahonalar bilan choʻzilib ketgan viza mashmashasi Abbosning ichki ishlar organlariga murojaat yoʻllashga majbur qildi.

       – Nodirbek ilgari ham Janubiy Koreyaga ishga yuborishni vaʼda qilib, bir necha shaxslarni aldab pullarini olgani uchun sudlangan, – deydi Chilonzor tumani IIO FMB Tergov boʻlimi tergovchisi, kapitan Jahongir Rashidov. – Afsuski, bu jinoiy ishga Nodirbekning oʻz akasi va otasi ham aralashgan. Tergov jarayonida ularning qilmishlari alohida ish yurituviga olingan. Oʻzgalarning pulini oʻzlashtirishda bu oilaning na kattasi, na kichigi ertami kechmi jazoga tortilishi, birovning haqini yeyish javobsiz qolmasligi haqida oʻylamagani, bir-birini jar yoqasidan qutqarmagani, ajablanarli.

          Jinoyat ishlari boʻyicha Chilonzor tuman sudi ochiq sud majlisida Nodirbekning qilmishini Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi  (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Uning aybiga toʻla iqrorligi, pushaymonligi, jabrdiydaga yetkazilgan zararni toʻliq qoplaganligini inobatga olib, mazkur kodeksning 57-moddasini qoʻllab, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech