Har bir ishning samaradorligi, tezkor va unumliligini ish qurollari belgilaydi. Bugungi kunda har bir sohada odamlar o‘rnini texnikalar, hatto robotlar egallab bormoqda. Mehnat faoliyatida fan-texnikaning zamonaviy namunalaridan foydalanish juda muhim. Ayniqsa, ichki ishlar tizimlarida jinoyatchilikni tezkor fosh etish, aybini to‘liq isbotlash, jamoat xavfsizligini ta'minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish kabi jarayonlarda transport, aloqa vositalari, maxsus asbob-uskunalar qatorida ish xonalarida qulayliklar yaratish, zarur anjomlar, yozuv qurollari, xo‘jalik buyumlari bilan ta'minlash ham dolzarb. Toshkent shahar IIBB Moliya va moddiy-texnika ta'minoti boshqarmasi moliyaviy ta'minot xizmatida bosh mutaxassis – iqtisodchi lavozimida xizmat qilib kelayotgan leytenant Nargiza Isajanovaning vazifasi ana shulardan iborat. Moliya-iqtisod yo‘nalishida o‘rta-maxsus bilim yurtini tamomlab, 2003 yilda Toshkent shahar IIBB Moliya, moddiy texnika ta'minoti bo‘limida ilk faoliyatini boshlagan Nargiza ustozlari: bo‘lim katta inspektori, kapitan Guljan To‘raxo‘jaeva, bosh hisobchi, mayor Nortoji Begimqulovalarning ustozligida o‘z malakasini oshirdi. Texnika ta'minoti hisob-kitobini yuritish, mablag‘larni to‘g‘ri taqsimlash, narx-navolarning mutanosibligini tekshirish, mavjud vositalarning ishlatish muddatlari, davriy ko‘rigi, almashtirish va yangilash, eng ilg‘or texnik vositalarni amalga joriy etish va boshqa o‘ziga xos jihatlarni sinchkovlik va e'tibor bilan o‘rgandi. Mana shunga ham yigirma yildan oshibdi. Oddiy safdor, hisobchi-iqtisodchilikdan ish boshlagan Nargiza bugun bosh mutaxassis, leytenant. Lekin bunga o‘z-o‘zidan erishilmaydi. Bu vaqt ichida har bir raqamning salmog‘i, zalvorini his qilgan Nargiza o‘z vazifasiga katta javobgarlik hissi bilan yondashdi. Poytaxt tumanlarining ish faoliyatida zarur bo‘lgan barcha vositalarning yaroqlilik, mavjudlik, zarurat ehtiyojlarini o‘rganib, nazoratini amalga oshirib kelmoqda. Maqsad joylarda uzluksiz ish jarayonini ta'minlash. Xizmati davomida o‘z malakasini oshirish, bilimlarini chuqurlashtirish zarurligini anglagan lavhamiz qahramoni Respublika IIV Akademiyasiga o‘qishga kirdi. 2021 yilda ishdan ajralmagan holda uni bitirgan Nargiza olgan bilimlarini samarali ravishda faoliyatiga tadbiq etishga kirishdi. Faoliyati ortidan rahbariyat va hamkasblari o‘rtasida hurmat-e'tiborga sazovor bo‘ldi. Vatan tinchlik-osoyishtaligini ta'minlashga bag‘ishlangan hech bir ish e'tiborsiz qolmaydi, albatta. Uning sidqidildan va fidoyi xizmatlari rahbariyat tomonidan ko‘plab minnatdorlik va tashakkurnomalar, mukofotlar bilan taqdirlanib kelinmoqda. O‘z xizmat vazifalariga jonkuyar, vijdonan yondashib kelish bilan bir qatorda Nargiza turmush o‘rtog‘i Solijon – ko‘p yillar ichki ishlar organlarida ishlab ayni paytda nafaqada – bilan birgalikda uch nafar farzandlarini go‘zal xulqli va barkamol insonlar bo‘lib yetishishiga katta e'tibor berib, vaqt ajratishga ham ulguradi. Ularning o‘qish davomati, baholari, qiziqish va intilishlariga jiddiy yondashadi. Samimiy suhbatlashish orqali ularga nafaqat mehribon ona, balki yaqin do‘st va sirdosh hamdir. Zotan, oddiy ishchilar bo‘lgan ota-onasi Baxtiyor aka va Mavjuda opalar uch qizining or-nomusli, mehnatkash, halollik ruhida tarbiyalashda oilada tinchlik va totuvlik, o‘zaro ishonch va adolatni mahkam ushlaganidek, Nargiza ham turmush o‘rtog‘i bilan bu tamoyilga amal qiladi. Uch voyaga yetmagan farzandlaridan biri kelgusida ota-onasining izini bosib, Vatan tinchlik-osoyishtaligini ta'minlashdek sharafli kasbga mehr qo‘ysa, buni faqat olqishlash kerak.