8 Noyabr 2025 Yil 503

Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 2024-2028 yillarga mo‘ljallangan milliy strategiyaningustuvor maqsadlariga erishish, giyohvandlik va uyushgan narkojinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish orqali aholini, birinchi navbatda, yoshlar salomatligini hamda millat genofondini samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni belgilash maqsadida qaror qilaman:

I. Maqsadlar va ustuvor vazifalar

  1.  Quyidagilar ushbu Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilansin:

a) O‘zbekiston aholisining salomatligi va millat genofondiga jiddiy tahdid solayotgan giyohvandlik illatiga qarshi kurashish hamda bunga sabab bo‘layotgan uyushgan narkojinoyatchilikka chek qo‘yishga qaratilgan normativ-huquqiy, tezkor-profilaktik va tashkiliy-tarbiyaviy choralar kompleksini belgilash;

b) voyaga yetmaganlar va yoshlarimiz kelajagini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalardan har tomonlama asrash – barcha darajadagi davlat organlari, tashkilotlari va muassasalarining dolzarb vazifasi ekanini alohida qayd etish hamda ularning 
bu boradagi mas’uliyatini tubdan oshirish.

2. Quyidagilar giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi keskin kurashish faoliyatini amalga oshirishga mas’ul davlat organlari va tashkilotlarining ustuvor vazifalari etib belgilansin:

a) ta’lim muassasalarida, o‘quvchi va talabalar orasida psixofaol moddalarning tarqalishiga batamom chek qo‘yishyoshlarda giyohvandlik illatiga murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlarni kompleks ravishda amalga oshirish;

b) giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar (keyingi o‘rinlarda – giyohvandlik vositalari) noqonuniy aylanmasiga qat’iy jinoiy-huquqiy mexanizmlar orqali barham berish, bu boradagi jazo choralarini keskin kuchaytirish hamda yoshlarga nisbatan sodir etiladigan narkojinoyatlar uchun javobgarlikni og‘irlashtirish;

v) giyohvandlik vositalarini respublika chegarasidan olib kirish yo‘nalishlarini, internet tarmoqlari orqali tarqatish harakatlarini, noqonuniy narkolaboratoriyalarni va narkojinoiy uyushmalarni, shu jumladan, ularga homiylik (rahnamolik) qilayotgan mansabdor shaxslarni aniqlash, ular faoliyatiga chek qo‘yish hamda jazo muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli tezkor-qidiruv va tergov faoliyatini yo‘lga qo‘yish;

g) giyohvandlik vositalarini tayyorlash uchun foydalanish mumkin bo‘lgan kimyoviy moddalar (prekursorlar) aylanmasi ustidan qat’iy davlat nazoratini o‘rnatish, giyohvandlik vositalaridan tibbiyotda foydalanuvchi tibbiyot muassasalari, farmatsevtika korxonalari va dorixonalarning faoliyatini nazorat qilish amaliyotiga raqamli yechimlarni joriy etish;

d) aholi, ayniqsa, voyaga yetmaganlar va yoshlar orasida giyohvandlik hamda zaharvandlikni tashxislashdavolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlarni belgilash.

II. Normativ-huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish

3. Ichki ishlar vazirligi (A.Tashpulatov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2025 yil yakuniga qadar bugungi kundagi amaliyot, zamon talablari va ilg‘or xorijiy tajribalarni kompleks o‘rgangan holda giyohvandlik vositalari aylanmasini tartibga solish mexanizmlari hamda narkojinoyatlarning oldini olish va fosh etishda davlat organlari va tashkilotlarining aniq mas’uliyatini belgilaydigan “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda kiritsin.

4. Bosh prokuratura, Oliy sud, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va Bojxona qo‘mitasining quyidagi takliflari ma’qullansin:

a) uyushgan narkojinoyatchilikka jinoiy-huquqiy mexanizmlar orqali qarshi kurashish faoliyatini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Jinoyat kodeksiga “Aholi salomatligi va millat genofondiga qarshi jinoyatlar” nomli alohida yangi bo‘lim kiritish;

b) narkojinoyatlarning yangi shakllari, usullari va uyushganlik darajasidan kelib chiqib, quyidagi qilmishlar uchun yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilashni nazarda tutuvchi jinoiy javobgarlikni kiritish:

i)  narkojinoiy uyushma tashkil etish va uning faoliyat yuritishini ta’minlash, shuningdek, giyohvandlik vositalarini uyushgan guruh tomonidan transchegaraviy usullarda yoki internet tarmog‘idan foydalanib o‘tkazish;

ii) giyohvandlik vositalarini noqonuniy muomalaga kiritishga hokimiyat (mansab) vakolatlarini suiiste’mol qilish yo‘li bilan homiylik (rahnamolik) qilish yoki bunday jinoyatlar fosh bo‘lishining oldini olish maqsadida xabar berish;

iii) g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish va uning faoliyat yuritishini ta’minlash;

v) giyohvandlik vositalarini jamoat joylarida iste’mol qilganlik uchun o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoq jazosini qo‘llashni nazarda tutuvchi ma’muriy javobgarlikni kiritish;

g) narkojinoyatlar sodir etilishi va qayta sodir etilishining oldini olish maqsadida quyidagi qilmishlar uchun jinoiy javobgarlik choralarini ikki baravargacha og‘irlashtirish:

i) giyohvandlik vositalarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ko‘p miqdorda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish, shuningdek, ularni noqonuniy ravishda ko‘p miqdorda har qanday usulda o‘tkazish;

ii) kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni ta’lim tashkilotlarida, ozodlikdan mahrum qilish joylarida, internet tarmog‘idan foydalanib, xavfli yoki o‘ta xavfli retsidivist tomonidan muomalaga kiritish, shuningdek, ularni ko‘p miqdorda kontrabanda qilish;

iii) alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasini (o‘tkazish maqsadisiz) ko‘p miqdorda va takroran sodir etish;

iv) giyohvandlik vositalarini har qanday shaklda iste’mol qilishga jalb etish odam o‘limiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lganda;

d) voyaga yetmaganlarni va yoshlarni narkojinoyatlardan himoya qilish maqsadida:

i) har qanday narkojinoyatni voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan yoki ularni jalb qilgan holda sodir etishni jinoiy javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holati sifatida qayd etish;

ii) voyaga yetmagan shaxsni kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilishga jalb qilganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilash;

iii) ta’lim tashkilotlari, talabalar yotoqxonalari, bolalar oromgohlarida yoki ta’lim tashkilotlariga tutash hududlarda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni o‘tkazganlik uchun jinoiy javobgarlik choralarini ikki baravargacha og‘irlashtirish;

iv) voyaga yetmagan shaxslarni kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni aynan ta’lim tashkilotlari, talabalar yotoqxonalari, bolalar oromgohlarida yoki ularga tutash hududlarda iste’mol qilishga jalb qilganlik uchun o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutuvchi jinoiy javobgarlikni kiritish;

j) ayrim narkojinoyatlarni sodir etgan shaxslarni jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilmaslik tartibini joriy etish.

5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi afv etish masalalari bo‘yicha komissiya mahkumlarning afv etishga oid murojaatlarini o‘rganishda aholi genofondiga qarshi sodir etilgan har qanday jinoyat davlat, jamiyat va shaxs uchun jiddiy xavf ekaniga hamda o‘ta og‘ir oqibatlarga olib kelishiga alohida e’tibor qaratsin.

III. Kompleks chora-tadbirlarni belgilash va ularning ijrosini ta’minlash

6. Giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi kurashish bo‘yicha 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan kompleks amaliy harakatlar milliy dasturi (keyingi o‘rinlarda – Milliy dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

7. Mas’ul vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari o‘z sohaviy yo‘nalishi va hududi kesimida Milliy dastur ijrosini manzilli tashkil etish bo‘yicha har choraklik “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqishni ta’minlasin.

8. Giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi keskin kurashish borasidagi ishlarni kompleks tashkil etish hamda Milliy dastur ijrosini tizimli ravishda nazorat qilib borish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzurida faoliyat ko‘rsatuvchi Respublika idoralararo muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh (keyingi o‘rinlarda – Muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh) 2-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.

9. Muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh (S.Gordeyev, B.Tashmatov):

a) Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) qoshida mas’ul vazirlik va idoralar mutaxassislaridan iborat Muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh shtabi tarkibini shakllantirsin hamda 2025-2026 yillarda mazkur Farmon bilan belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish borasidagi ishlarning natijadorligini, shu jumladan, joylarga chiqqan holda tizimli o‘rganish va monitoring qilib borishni tashkil qilsin;

b) Milliy dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning izchil, sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishini doimiy ravishda va qat’iy nazorat qilib borsin.

10. Milliy dastur, sohaviy va hududiy “yo‘l xaritalari”da belgilangan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishini ta’minlash hamda aniq natijalarga erishish yuzasidan mas’uliyat davlat organlari, idoralari va mahalliy hokimliklarning shaxsan birinchi rahbarlari zimmasiga yuklatilsin va mazkur yo‘nalishdagi faoliyat samaradorligi ta’minlanmagan taqdirda, ularga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantirilsin.

11. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

a) mas’ul davlat organlari, idoralari va mahalliy hokimliklar har oy yakunida mazkur Farmonda belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish borasida qilingan aniq ishlar hamda Milliy dasturning ijrosi yuzasidan hisobotlarni Agentlikka kiritib boradi;

b) Muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh:

i) har oyda mas’ul davlat organlari, idoralari va ularning hududiy bo‘linmalari hamda mahalliy hokimliklar rahbarlarining mazkur Farmonda belgilangan ustuvor vazifalarning sohalar va hududlarkesimida ijrosi yuzasidan hisobotlarini eshitadi, natijadorligi bo‘yicha tanqidiy muhokamalar o‘tkazadi hamda ushbu masalaga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan rahbarlarga nisbatan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan ta’sir choralarini ko‘rib boradi;

ii) har chorakda respublikada giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi keskin kurashish borasida mazkur Farmonga asosan ko‘rilgan manzilli choralar va erishilgan aniq natijalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib boradi.

IV. Narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish va aniqlash mexanizmlari

12. Sanoat va tibbiyotda foydalaniladigan kimyoviy moddalarning sintetik narkotiklar, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni noqonuniy tayyorlash jarayoniga kirib borishining oldini olish maqsadida:

a) O‘zbekistonda muomalasi cheklangan prekursorlar ro‘yxatini xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda kengaytirish choralari ko‘rilsin hamda uni soddalashtirilgan tartibda tezkorlik bilan yangilab borish (to‘ldirish) mexanizmlari joriy etilsin; 

b) prekursorlarning qonuniy muomalasini tartibga solish hamda ular ishlab chiqarilishidan (xorijdan keltirilishidan) boshlab realizatsiya qilinishigacha (tranzit o‘tishi, mahsulot ishlab chiqarishda foydalanish, sotish, saqlash, berish va boshqa) bo‘lgan barcha jarayonlarni elektron nazorat qilish tizimini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutuvchi qat’iy davlat nazorati o‘rnatilsin;

v) Agentlikka O‘zbekistonda prekursorlar muomalasi ustidan tizimli nazoratni amalga oshirish hamda ularning noqonuniy aylanmasi yuzasidan vakolatli huquq-tartibot organlariga tergovga qadar tekshiruvni o‘tkazish yuzasidan taqdimnoma kiritish huquqi berilsin;

g) Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti va Bojxona qo‘mitasi Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi tuzilmalarida, mavjud shtatlar doirasida, prekursorlarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yilsin.

13. Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

a) prekursorlarning qonuniy muomalasini tartibga solishga va bu borada uning barcha bosqichlarida qat’iy davlat nazorati mexanizmlarini belgilashga, shuningdek, prekursorlarning noqonuniy muomalasi hamda ulardan foydalanish tartibini buzganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni kiritishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini belgilangan tartibda kiritsin;

b) giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoyatlar haqida xabar bergan yoki aniqlashga ko‘maklashgan fuqarolarni munosib rag‘batlantirish tartibini joriy etishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

14. Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh.Shermatov), Ichki ishlar vazirligi (A.Tashpulatov) boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2026 yil 1 iyulga qadar Internet tarmog‘idaginarkodo‘konlarni hamda giyohvandlik vositalarini tarqatish holatlarini sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida aniqlash va bloklashga mo‘ljallangan dasturlarni ishlab chiqish bo‘yicha yoshlar o‘rtasida xakaton o‘tkazsin hamda eng maqbul takliflarni tanlab olib, amaliyotga joriy qilish choralarini ko‘rsin.

15. Ichki ishlar vazirligi (A.Tashpulatov):

a) 2025 yil yakuniga qadar ichki ishlar organlarining barcha profilaktika inspektorlarini xizmat olib borayotgan mahallalar hududida g‘ayriqonuniy narkolaboratoriyalar va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini qo‘lbola usulda qadoqlovchi sexlarni aniqlash bo‘yicha o‘qitishni tashkil qilsin hamda ularning bu boradagi samarali faoliyatini byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan munosib rag‘batlantirish yoki boshqa idoralar (sohaviy bo‘linmalar) tomonidan mahallada aniqlangan taqdirda intizomiy jazo choralarini qo‘llash amaliyotini yo‘lga qo‘ysin;

b) Mudofaa sanoati agentligi bilan birgalikda 2026 yil 1 martga qadar ichki ishlar organlari uchun tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazishda giyohvandlik vositalari namunalarini ekspress tekshirish bo‘yicha eng zamonaviy texnik vositalarni xarid qilish va amaliyotga joriy etish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rsin.

V. Farmon ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat

16. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

17. Farmon ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.Sh.Mirziyoyeva zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

      Prezidenti                                                                                       Sh.MIRZIYOEV

Barcha yangiliklar

Text to speech