O‘zbekiston respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli topshirig‘iga asosan, xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari vakillarining Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yagona tezkor boshqaruv markaziga tashrifi amalga oshirildi. Tashrif buyuruvchilarning e’tiboriga: “Betakror O‘zbekiston: O‘zbekiston respublikasining turizm salohiyati”, “O‘zbekiston respublikasi ichki ishlar organlarining xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari faoliyati”, “Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yagona tezkor boshqaruv markazining sayyohlar xavfsizligini ta’minlashdagi o‘rni” kabi mavzular havola etildi. Ushbu mavzularda O‘zbekiston respublikasi Ichki ishlar vazirligi Xavfsiz turizm boshqarmasi boshlig‘i N.Odilov, Toshkent shahar IIBB boshlig‘i R.Sultanxodjayev va Turizm qo‘mitasi raisi maslahatchisi F.Fayzillayevlar tomonidan taqdim o‘tkazildi. Tojikiston respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Rahmonzoda Abdujabbor Aziziy yurtimizda sayyohlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yaratilgan tizimni yuqori baholash bilan birga poytaxt ko‘chalarida tirbandlik muammosi kuchayib borayotganini qayd etarkan, bu borada yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining talablariga qat’iy rioya qilish va ularni to‘g‘ri tushunish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, taqdimot ishtirokchilarini sayyohlar tomonidan O‘zbekiston respublikasi IIV Xavfsiz turizm boshqarmasi Call-markaziga yordam so‘rab qilingan qo‘ng‘iroqlariga sayyohning joylashgan manzilidan qat’iy nazar respublika bo‘yicha yordam ko‘rsatish imkoniyati, ichki ishlar organlarining xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari xodimlari qay darajada, qaysi chet tillarini bilishi, IIV turizm boshqarmasi Call-markazi qaysi tillarda xizmat ko‘rsatishiga doir masalalar qiziqtirdi. Shu bilan birga Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan O‘zbekiston respublikasi ichki ishlar organlarining xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari xodimlarini sayyohlarga tibbiy yordam ko‘rsatish va favqulodda vaziyatlarda harakatlanish bo‘yicha malakasini oshirishga qaratilgan loyihani ishlab chiqish taklifi berildi. Indoneziya elchixonasi Favqulodda va Muxtor vakili Sintia Kristian Saex o‘z mamlakatidan keladigan sayyohlar soni ko‘payib borayotganligini inobatga olib, turizm obyektlari va ichki ishlar organlarining xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari xodimlari uchun indonez tili kurslarini tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatish taklifini olg‘a surdi.
Tadbir yakunida chet davlatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari vakillari yurtimizda fuqarolar jumladan, xorijlik sayyohlarning xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni ijobiy qayd etib, tashrifdan mamnun ekanliklarini izhor etdilar.