13 Sentyabr 2024 Yil 946

Noziktaʼb zo‘ravon

Farhodning jazo muddatini o‘tab qaytganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Foydali mehnat bilan shug‘ullanish, ish qidirishga hadeganda shoshilavermadi. Ammo ishsizlikdan ham zerikarkan odam. Bekorchilik ham jonga tegarkan, o‘zini qo‘yishga joy topolmay qoldi. Tanish bilishlari ishda, tirikchilik harakatida, bosh qashishga vaqtlari yo‘q-ku, u bilan valaqlashib o‘tirishga qayoqdan vaqt topishsin. 2022 yilning 14 sentyabri. Farhod ko‘chaga chiqdi. Kuni bilan ko‘cha kezdi. Kechki soat 18.30 larda  tanishi Umarni uchratib qoldi. U o‘ziga tegishli Lacetti avtomashinasida kirakashlik qilayotgandi. Farhodga bo‘sh bo‘lsa, birgalikda shahar kezishni taklif qildi. Farhod jon-jon deb ko‘ndi. Yo‘lma-yo‘l gurunglashib, bir-ikki yo‘lovchilarni manzillariga eltib ham qo‘yishdi. Soat kechki sakkizlarga yaqin suhbatlari o‘z-o‘zidan keskinlasha boshladi. Bunga Farhodning “ishdan kelib uyingda mazza qilib damingni olib yotmaysanmi, kirakashlik qilib pul topaman, deb och bo‘riday shahar kezib mijoz qidirmasdan”, degan gapiga Umarning “xotinni topganini yeb yotish erkakning ishi emas”, degan javobi bahona bo‘ldi. Bu gap Farhodning izzat-nafsiga tekkandan tegdiki, avval unga musht tushirdi keyin yonidagi osh pichog‘ini olib tanishining o‘ng ko‘krak qafasiga urdi. Umar chaqqonlik qilib, mashinani to‘xtatdi-da tushib odamlarni yordamga chaqira boshladi.

– Tergov jarayonida o‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi jarblanuvchiga yetkazilgan jarohatlarni hayot uchun xavfli, deb eʼtirof etdi, –deydi Yangihayot tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, mayor Anvar Oqnazarov.–Umar va Farhod bolalikdan tanish, oilalarining salom-aligi bor. Shunga qaramay, Farhod uni ayab o‘tirmadi. Andisha, odamiylik, odob-axloq qoidalarini yig‘ishtirib qo‘yib o‘zini badfeʼlini ko‘rsatdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha  Yangihayot tuman sudi 1991 yilda tug‘ilgan, bir nafar farzandi bor, vaqtincha ishsiz bo‘lgan Farhodning qilmishlarini qonunan baholab, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “ye” bandi (“Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish”) bilan aybli deb topdi. Unga 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. 


Barcha yangiliklar

Text to speech