8 Oktyabr 2024 Yil 296

Noqonuniymi – “qonuniylashtiramiz”

Firibgarlarning hiylayu nayranglaridan ehtiyot bo‘lish haqida qanchalik ko‘p ogohlantirmaylik, baribir ularning jozibali vaʼdalari, hayotingizni tez fursatlarda va kam xarajatlarda  boyitib,  go‘zal va qiziqarli qilishda, ayniqsa ko‘chmas mulkka ega chiqishingizga yordam berishiga ishontirish mahoratiga uchib tushkunlik, asabbuzarlik va sarsonu sargardonlikni boshidan kechirayotganlar ko‘plab uchramoqda. 1985 yilda tug‘ilgan, maʼlumoti oliy, ikki nafar voyaga yetmagan farzandli Sarvarjonning tug‘ma artistlik mahorati bormidi yoki keyinchalik yuzaga chiqdimi har holda 2022 yilning 10 oktyabrida Yakkasaroy tumani Muqimiy ko‘chasida bo‘la turib,  1965 yilda tug‘ilgan  Farhodning ishonchini qozondi. Uni shu ko‘chada joylashgan uy orqasidagi tashlandiq yerni sotib olishga ko‘ndirdi. 2023 yilning 1 yanvar kuniga qadar qonuniy rasmiylashtirib berishini, rasmiylashtirilgan yerga yengil turdagi savdo maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlarini qurib foydalansa, katta daromad topishini aytdi. Sarvarjon yerni qonuniy rasmiylashtirish, qurilish loyihalarini tayyorlash bilan bog‘liq yugur-yugurlarni o‘z zimmasiga oldi. Taxlam-taxlam pullarning cho‘ntagiga oqib kelayotganini – aslida oqib ketayotgandi – tasavvur qilgan xaridor loyiha hujjatlari uchun bo‘lib-bo‘lib – jami 10 ming AQSH dollarini qanday berganini bilmay qoldi. Sarvarjon bu bilan kifoyalanmay, 2023 yilning 10 yanvar kuni Yakkasaroy tumanidagi  falon masʼuliyati cheklangan jamiyatga qarashli  qurilish obyektini 2 qavatdan 4 qavatga ko‘tarib berish bo‘yicha loyiha hujjatlarini qonuniylashtirib, Toshkent shahar Qurilish boshqarmasiga taqdim qilishi va qurilish kengashidan ruxsat olib berishini vaʼda qilib, 1987 yilda tug‘ilgan Maʼmurni 6 ming AQSH dollariga chuv tushirdi.

–  Yoshi oq-qorani taniydigan fuqarolarning biror hujjatlari yoki vakolati bo‘lmagan shaxsga, hech qanday shaxsini tasdiqlaydigan   hujjatlarsiz  yirik-yirik pul mablag‘larini berib yuborishiga xayron qolasan, – deydi  Yakkasaroy tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant E.Ziyabekov. –  Aslida qonunga zid bo‘lgan xatti-harakatlarni qonunga o‘chakishgandek “qonuniylashtirishga” behuda urinish shunday oqibatlarga olib keladi.

Jinoyat ishlari  bo‘yicha  Yakkasaroy tuman sudi ochiq sud majlisida  Sarvarjonning qilmishiga qonuniy baho berdi: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Uning ikki voyaga yetmagan farzandlari borligi, oilaning yagona boquvchisi ekanligi, jabrdiydaga yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganligi inobatga olinib, kodeksning 57-moddasini qo‘llab, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida, yaʼni 17.000.000 so‘m jarima jazosini tayinladi.


Barcha yangiliklar

Text to speech