19 Aprel 2025 Yil 813

Nomardlik ham evi bilan-da!

Odam boylik vasvasasiga tushmasin ekan. Tushdimi, yotsa ham, tursa ham dasta-dasta pullar ko‘ziga ko‘rinadi. Xuddi “Mahaldada duv-duv gap” filmidagi Umarjonning onasi Oyposhshaxon to‘y buzilay deganda hamma narsa: qozondagi oshdan tortib, stoldagi noz-ne’matlargacha pulga aylanib qolish sahnasini ko‘z oldingizga keltiring-a! Shohruh ham yurgan yo‘lida, ushlagan buyumida faqat pulni ko‘radi. Mas’uliyati cheklangan jamiyatning ombor mudiri bo‘la turib, maoshiga qoniqmadi. Nima qilsa, puldor bo‘larkin-a!? O‘ylab-o‘ylab bir o‘q bilan ikki quyonni uradigan ajoyib reja tuzdi. Ham boyiydi ham ajrashib ketgan sobiq xotinining “adabini beradi”. U 2024 yil 4 avgust kuni fuqaro B.Islomning ishonchiga kirib, tumanning 23-mavzesida joylashgan uyni o‘ziniki ko‘rsatib, oyiga 350 AQSH dollari evaziga ijaraga berdi. Ochig‘i bir hafta ichida uyni bo‘shatib qo‘yishni va’da qilib, pulini oldi. 22 avgust kuni fuqaro M.Shaxzodbekni ham shu yo‘sinda aldab 400 AQSH dollarini, 23 avgust kuni S.Nizomiddindan ikki oylik ijara haqi sifatida 7.620.000 so‘mini oldi. Jabrdiydalarga qo‘shni davlatga oilasi bilan ishlagani ketayotganini sabab qildi. Uy esa aslida bir farzandi bilan ko‘rsatilgan xonadonda yashab kelayotgan, ertadan-kechgacha ishda bo‘lgan sobiq turmush o‘rtog‘iga tegishli bo‘lib, bu savdolardan ayol umuman bexabar edi. Vaqt o‘tib, eshik qo‘ng‘irog‘ini jiringlatib, ijarachilar ko‘ch-ko‘roni bilan kirib kela boshlaganda, boz ustiga uyni bo‘shatib qo‘yishni talab qilishib, janjal ko‘tarishganida ayol jarbdiydalar bilan birgalashib ichki ishlar idorasiga murojaat qilishga majbur bo‘ldi.
– Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi ochiq sud majlisida 1994 yilda tug‘ilgan, bir farzandi bilan ajrashgan, muqaddam sudlanmagan B.Shohruhning jinoiy qilmishlarini ko‘rib chiqib, uning pushaymonligi, yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganligi, jabrdiydalarning da’vosi yo‘qligini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi va ish haqining 20 foizini davlat hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qildi.
Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari bilan Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Bobur Sattorov tanishtirdi.

Barcha yangiliklar

Text to speech