Poytaxtning qayeriga qaramang, qurilish. Osmono‘par binolar jadal surʼatlarda qad ko‘tarib bormoqda. Sunnatilla ham ana shunday qurilishlarning birida oddiy ishchi. 2024 yilning 28 aprel kuni ham odatdagidek ishga bordi. Hamkasblari bilan tongi salom-alikdan so‘ng ishga kirishdi. Qurilish ishlari og‘ir, o‘ziga yarasha jismoniy kuch talab qiladi. Bu yoqda esa “xo‘jayinlar” imoratni tezroq bitirish payida shoshirgani-shoshirgan. Bu esa asabga tegadi. Soat 10.30 larda hamkasbi Shahobiddin unga ketmon olib kelishni buyurdi. Devorga g‘isht terayotgan Sunnatillaga bu yoqmadi.
— Nega menga ish buyurasan, senga kerakmi, o‘zing olib kel! — dedi. — Xayriyatki, biron mansabing yo‘q. Bo‘lganida bizning holimizga voy ekan-da. Buvimning bir maqoli bo‘lardi: “O‘zim kal-u, ko‘nglim nozik”, degan, — dedi Shahobiddin uni kamsitib.
Sunnatillaga uning gapi og‘ir botdi. U ishini yig‘ishtirib, ketmonga ketdi. Hamkasbi gapim taʼsir qildi, deb ichida xursand bo‘ldi. Ammo Sunnatilla ketmonni olib kelib uning boshi, yelkasiga tushira ketdi. Yaxshiyamki, yon-atrofdagi hamkasblar uni to‘xtatib qolishdi. Yo‘qsa, haqiqatan ham Shahobiddinning o‘zi aytganidek, holi voy edi. Ular tomonidan chaqirilgan “Tez tibbiy yordam” Shahobiddinni zudlik bilan kasalxonaga olib ketdi.
— O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi jabrlanuvchiga sog‘lig‘i va hayoti uchun xavfli – og‘ir tan jarohati yetkazilganini tasdiqladi, — deydi Shayxontohur tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Mirzohid Nabiyev. – Qilgan ishidan pushaymon bo‘lgan Sunnatilla hamkasbining sog‘ayib ketishi uchun moddiy va maʼnaviy yordam ko‘rsatdi. Jabrdiyda uni kechirdi, biroq bu holat uning qilmishiga qonuniy baho berilmaydi, degani emas.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi ochiq sud majlisida 1997 yilda tug‘ilgan S.Sunnatillaning qilmishini ko‘rib chiqdi va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “ye” va “D” bandlari (“Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish”) bilan aybli deb topdi. Sudlanuvchining qilmishiga pushaymonligi, oilaviy sharoitining og‘irligini va yengilroq jazo so‘rab murojaat qilganligini inobatga olib, Respublika Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, 1 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.