“Ajou” universiteti majlislar zalida probatsiya nazoratidagi shaxslar ishtirokida sayyor sud majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi sudyasi E. Ahbutaev tomonidan Probatsiya bo‘limi taqdim etgan 15 ta taqdimnoma ko‘rib chiqildi. 13 nafar fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasi (Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish) asosida shartli ozod qilindi, 2 nafarining jazosi esa 46-modda (Axloq tuzatish ishlari) asosida og‘irrog‘iga almashtirildi.
Tadbirda Yashnobod tuman hokimligi, tuman prokuraturasi va ichki ishlar organlari mas’ullari ishtirok etib, nazoratdagi yoshlar bilan muloqot o‘tkazdi, tushuntirishlar berildi.
Kibermakon oyligi doirasida IT sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar hamda ayollar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarni kamaytirishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar muhokama qilindi.