Poytaxtimizning Yashnobod tumanida joylashgan “Band bo‘lmagan aholiga xizmat ko‘rsatish monomarkazi”da Toshkent shahar IIBB rahbariyatining shaxsiy sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi. Bu kabi qabullarda poytaxtimiz fuqarolarining ijtimoiy-iqtisodiy, maishiy, ayniqsa, yuridik masalalariga yechim topilishi yurtimizda huquqiy-fuqarolik jamiyatini yaratish orqali aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Ushbu qabul Prezidentimiz tomonidan “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingan 2026-yilda o‘tkazilayotgan ilk qabulidir. Mazkur tadbirda tashrif buyurgan qirqqa yaqin fuqarolarning murojaatlari tinglandi. Murojaatlarning o‘ntasi qabulxonaning o‘zida ijobiy yechimini topgan bo‘lsa, to‘rttasiga malakali huquqiy yo‘l-yo‘riqlar berildi. Qolgan fuqarolar murojaatlarida keltirilgan vajlarni atroflicha tekshirish va huquqiy baho berish maqsadida ijro muddatlari belgilanib, nazoratga olindi. Murojaatlar mazmun-mohiyatiga ko‘ra: ma’muriy huquqbuzarlik, surishtiruv, tergov harakatlari, mol-mulk va moddiy mablag‘larni undirish, kadrlar masalasiga oid, oila-turmush doirasidagi kelishmovchiliklar, probatsiya hisobidan yechish kabilarni tashkil etdi. Yangi yilda boshlangan xayrli tadbir poytaxtimiz mahallalarining rivojlanishi orqali jamiyatni yuksaltirish tomon qo‘yilgan qadamlarning eng samaralisi hamda sermahsulligidan dalolatdir.