Yashnobod tumanida “bo‘sh ish o‘rinlari” mehnat yarmarkasi o‘tkazildi
Kuni kecha poytaxtimizning Yashnobod tumanida joylashgan Respublika kasbiy ko‘nikmalar markazida mehnat bilan band bo‘lmagan hamda tuman IIO FMB Probatsiya xizmati nazoratidagi shaxslarning bandligini ta’minlash maqsadida “bo‘sh ish o‘rinlari” mehnat yarmarkasi tashkillashtirildi. Unda qatnashgan 30 dan ortiq ish beruvchi korxona va tashkilotlar mas’ullari ishtirokchilarga taklif etilayotgan mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlarni taqdim etishib, ularni qiziqtirgan savollariga javoblar berishdi. Yashnobod tumani IIO FMB Probatsiya xizmati nazorati ostida turuvchi 25 nafar, shuningdek Mirzo Ulug‘bek, Bektemir, Mirobod va Yunusobod tumanlari IIO FMB Probatsiya xizmati ro‘yxatida turuvchi oltmishdan ortiq shaxslar qatnashgan tadbirda Yashnobod tumani IIO FMB Probatsiya ro‘yxatida turuvchi fuqarolarning 12 nafari ishga, bir nafari kasbga o‘qitish kurslariga yo‘llanma olishga muvaffaq bo‘lishdi. Shuningdek, mazkur tadbirni tashkillashtirgan mutasaddilar tomonidan kelgusida aholi bandligi va daromadini oshirishga e’tibor qaratilib, Probatsiya hamda profilaktik hisobda turuvchi mehnat bilan band bo‘lmagan yoshlar va xotin-qizlarning bandligini ta’minlash borasidagi ishlarni hamkorlikda tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.