5 Fevral 2025 Yil 269

Niyat xolis bo‘lmaganda

Qarz so‘rayotgan odam uni qaytarib berish niyatida so‘rasa, aybi yo‘q. Ammo avvaldan qaytarmaslikni ahd qilib so‘rasa, bu na dunyoviy, na diniy tamoyillarimizga to‘g‘ri keladi. Abduholiq tanish-bilishlarining turli rusumdagi avtomashinalarda “maz-za” qilib o‘ynab-kulib “davr surib” yurganiga ham havasi ham hasadi kelib, avtomashina olishni maqsad qildi. Maqsad-ku yaxshi-ku-ya, ammo mashinani tekinga kim beradi? Ro‘zg‘orini amal-taqal qilib tebratayotgan bo‘lsa... U avvaldan tanish bo‘lgan bir necha bor qarz so‘raganida “yo‘q” demay berib turgan – rostini aytish kerak, avvallari Abduholiq o‘z vaqtida qaytargan – Nodiradan so‘radi. U buncha puli yo‘qligi, ammo bir tanishi foizga pul berib turishini aytdi. Abduholiq 2024 yilning may oyida tumandagi nufuzli, fransuz qirollari saroyi nomini olgan to‘yxonaning avtoturargohida Turg‘unoy bilan uchrashdi. Foizchi ayol o‘z shartlarini aytdi – sharti beradigan 10 ming AQSh dollarini falon oyning falon kunida 12.500 AQSh dollari qilib qaytaradi. Abduholiq ko‘ndi.

— Bu yog‘i firibgarlarning ssenariysi bo‘yicha davom etdi, — deydi Shayxontohur tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Mirzohid Nabiev. — Kelishilgan vaqt kelganida, turli bahonalarni ro‘kach qilib, qochib yurgan qarzdor, keyin telefonni umuman o‘chirib qo‘ydi. O‘rtada turib, baloga qolgan Nodira Turg‘unoyning qistovi bilan bir necha marta uning uyiga bordi, ammo uni topa olmadi – “qahramonimiz” eshigini ham ochmadi. Dugonasi bilan janjallashib, yuz ko‘rmas bo‘lgan Turg‘unoy puliga kuyib qolishini sezib, tuman ichki ishlar organlariga murojaat qildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi ochiq sud majlisida 1988 yilda tug‘ilgan A.Abduholiqning jinoiy ishini ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi, “a,b” bandlari (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Uning qilmishidan pushaymonligi, jabrdiydaga yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganligi, oilaviy sharoitini inobatga olib, ish haqining 10 foiz miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda, ikki yil axloq tuzatish ishlari jazosini tayinladi.

Barcha yangiliklar

Text to speech