28 Yanvar 2025 Yil 2590

Nima uchun inson salbiy oqibatlarga qaramay, kuryer (zakladkachi) bo‘lishni tanlaydi?

Psixofaol moddalarning noqonuniy savdosida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar nazariga tushuvchi asosiy qatlam mazkur moddalarni tashuvchilar (zakladkachilar) va mijozlar hisoblanadi. Oxirgi vaqtlarda katta pul va'da qilish orqali yoshlarni “zakladkachi” sifatida yollash holatlari ortib bormoqda. Shu sababdan yoshlar tomonidan psixofaol moddalarni noqonuniy tashish va sotish holatlari bilan bog‘liq jinoyatlar soni ortgan.

Operator turli guruhlarda “engil ishlar bor”, “uyda o‘tirib daromad topish”, “oyiga 30 millionlik daromad”, “yoshlar yoki talabalar uchun ish”, “o‘qishdan ajralmagan holda ish” kabi reklamalar tarqatib, ish izlayotgan, pulga muhtoj talabalarni topadi va “zakladkachi” sifatida jinoiy faoliyatga jalb qiladi. Ishga joylash bahonasida tashuvchining shaxsini tasdiqlovchi ma'lumotlarni oladi. Bu bilan tashuvchiga ishonchni mustahkamlash va olingan “tovar”ni o‘zlashtirib yuborishini oldi olinadi. Shuningdek, jinoiy guruhda “jazolash guruhi” ham mavjud bo‘lib, agar tashuvchi olingan “tovar”larni o‘zlashtirib yuborgan taqdirda jismoniy bosim o‘tkazish uchun yuboriladi. Shuningdek, ayrim suiiste'mol qiluvchilardan ham tashuvchi sifatida foydalaniladi. Ular oylik o‘rniga “tovar”dan o‘z ulushlarini oladi.

Narkosavdo jinoiy uyushmasi tashkilotchini ko‘rmasdan faoliyatini amalga oshiradi. Ko‘p hollarda tashuvchilar (zakladkachi) tashkilotchining ismini ham bilmaydi. Hamma aloqa Internet tarmoqlaridagi anonim profillar orqali amalga oshirilib, ish haqi hech qanday uchrashuvlarsiz, elektron hamyonlar orqali (ko‘pincha kriptovalyutada) to‘lanadi.

Bir qarashda mazkur sxema “xavfsiz” ko‘rinadi. Ammo bu faqat tashkilotchilar manfaati uchun xizmat qiladi. Kur'erlar, ish beruvchilar ularni shunchaki “vosita” sifatida foydalanayotganliklarini anglab yetishlari kerak. Shu sababli, ular doimiy ravishda yangilanib turiladi. Bunday “oson pul” topish yo‘llari haqidagi takliflarini rad etish kerak. Agar siz psixofaol moddalarga qaram bo‘lsangiz, unda mutaxassislarga murojaat qilganingiz ma'quldir.

Barcha yangiliklar

Text to speech