3 Sentyabr 2025 Yil 536

“Eng yaxshi tergovchi”lar respublika bosqichiga yo‘l olishdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar organlarida eng yaxshi xodimlarni aniqlash bo‘yicha Respublika tanlovini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Qarori ijrosi Toshkent shahar IIBB tomonidan davriy ravishda ta’minlanib kelinmoqda. Ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari xodimlarining kasbiga bo‘lgan ijobiy munosabatini, o‘zaro sog‘lom raqobat sifatlarini shakllantirish, vazifalariga sidqidildan yondashuvini rag‘batlantirish, eng yaxshilarini aniqlash, belgilangan vazifalarni a’lo ado etishdagi xizmatlari uchun ularni munosib taqdirlash orqali ibrat ko‘rsatish borasida ko‘rik-tanlovlar tashkil etish yo‘lga qo‘yilgan va bu o‘z samarasini bermoqda.

Navbatdagi “Eng yaxshi tergovchi” nominatsiyasi bo‘yicha ko‘rik-tanlov poytaxt ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan tergov xodimlari o‘rtasida o‘tkazildi. Tumanlar kesimida o‘tkazilgan tanlovda aniqlangan 13 nafar tergov bilimdonlari shahar bosqichida sinovning beshta yo‘nalishi bo‘yicha kuch sinashishdi. Bahs ishtirokchilari ijtimoiy, jangovar tayyorgarligi ko‘nikmalari, IQ darajasi, individual-psixologik sifatlarini aniqlashga qaratilgan savollarga javob berdilar. Shuningdek, hakamlar har bir tergovchi tomonidan tayyorlangan xizmat jarayonlari, faoliyatidagi yutuqlarni aks ettiruvchi slayd, videorolik, fotoalbomlar bilan tanishib, yakka tartibda suhbatlar o‘tkazish orqali ishtirokchilarning bilim va malakalarini xolislik bilan baholab borishdi. Har bir sinov bo‘yicha yig‘ilgan ballar yig‘indisi bo‘yicha 92.0 ball bilan 1-o‘rin Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi “Yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilish” bo‘limi katta tergovchisi, kapitan Behzod Ibrohimovga; 90.5 ball bilan 2-o‘rin Mirobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Diyorxo‘ja Xodjayevga; 3-o‘rin 86.5 ball bilan Yunusobod tumani IIO FMB 5-sonli IIB Surishtiruv guruhi surishtiruvchisi, leytenant Pokiza Otamurodovaga nasib etdi. Ular tegishli diplom va pul mukofotlari qatorida ko‘rik-tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanmalarni qo‘lga kiritishdi. Tergov bilimdonlarini erishilgan muvaffaqiyatlar bilan samimiy tabriklab, final bosqichida poytaxt IIBB sharafini munosib himoya qilib g‘oliblikni qo‘lga kiritishlarini tilab qolamiz.

Barcha yangiliklar

Text to speech