Nazariy bilimlar amaliy bilimlar bilan mustahkamlansagina u o‘z samarasini beradi. O‘zbekiston respublikasi Ichki ishlar vazirligining “Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kursant va tinglovchilarining ichki ishlar organlari amaliyotini tashkil etish” to‘g‘risidagi me’yoriy hujjatlarida vazirlik Akademiyasida tayyorlanayotgan mutaxassisliklarning o‘quv rejasiga muvofiq, Akademiya kunduzgi ta’lim 1-o‘quv kursi kursantlarining o‘quv-tanishuv, 2-o‘quv kursi kursantlarining dual ta’lim asosida ish o‘rganish amaliyotini o‘tkazish belgilangan. Yuqoridagi hujjatlarning ijrosini ta’minlash, ish o‘rganish amaliyotini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida, joriy yilning 23 iyun kuni Toshkent shahar IIBBda amaliyot oldi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda IIBB rahbariyati, xodimlari, IIV SHXBB Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi mas’ul xodimi, faxriylar, IIV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari, kursantlar hamda ularning ota-onalari qatnashdilar. Yuzga yaqin Akademiya kunduzni ta’lim 1-2 o‘quv kursi kursantlarining amaliyoti shahar IIBBning hududiy bo‘linmalarida, tegishli sohaviy xizmatlarda, tajribali xodimlarning nazorati ostida o‘tkaziladi. Yig‘ilishda kursantlar malakaviy amaliyot dasturi, IIVning normativ-huquqiy hujjatlari bo‘yicha amaliyot o‘tashlari, shuningdek, kun tartibi, xizmat intizomi va qonunchilikka qat’iy amal qilishlari ta’kidlandi. Yig‘ilish yakunida o‘qish davomida ijobiy natijalarni qo‘lga kiritgan kursantlarning ota-onalariga minnatdorlik xatlari topshirildi.