Nazariy va amaliy bilimlar uyg‘unligi taʼminlanmoqda
Mana bir nechayildirki, O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi kursantlari va tinglovchilarining ichki ishlar organlarida amaliyot o‘tashlari yo‘lga qo‘yilgan. Respublika IIV Akademiyasida o‘quv jarayoniga tajriba tariqasida tatbiq etilayotgan dual taʼlim talablari asosida kursantlarning nazariy bilimlarini amaliy jihatdan mustahkamlash, kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida: Akademiya kunduzgi taʼlim 3-o‘quv bosqichi kursantlari poytaxt IIBB tarkibiy tuzilmalari va hududiy bo‘linmalarida amaliyot o‘tashdi. Amaliyot davrida ular turli sohalarning tajribali va malakali xodimlariga biriktirilib, “xodim yordamchisi” lavozimida ichki idoraviy va meʼyoriy-huquqiy hujjatlar va amaliyot dasturlari talablarini o‘rganish va o‘zlashtirish, bilim yurtida olgan bilimlarini amaliyotga tatbiq etish jarayonida murabbiylarning bevosita nazorati hamda yo‘riqlari ostida bo‘lishdi. Shuningdek, shaxsiy xavfsizlik qoidalari hamda “Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi”, ichki tartib qoidalari, maxfiylik va qonunchilikka qatʼiy rioya etishlari kabilar nazoratdan chetda qolmadi. Kursant va tinglovchilarning haftalik ish faoliyatlari muhokama qilinib, ular yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklar ko‘rsatilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiya va maslahatlar berib borildi. Amaliyot natijalariga ko‘ra har bir kursant bo‘yicha qaydnoma varaqalari, xizmat tavsifnomalari tuzilib, bilim yurtida o‘quv jarayonlarini yana-da takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar qatorida amaliyot dasturlari va shaxsiy ish rejalarida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida sidqidildan va vijdonan bajargan kursantlarga tashakkurnomalar bildirildi.