21 Sentyabr 2025 Yil 425

Navbatdagi qabul Mirzo Ulug‘bek tumanida bo‘lib o‘tdi

Aholi murojaatlarini o‘rganish maqsadida Toshkent shahar IIBB boshlig‘i, polkovnik Ravshan Sultanxodjayevning Mirzo Ulug‘bek va Yunusobod tuman fuqarolari bilan navbatdagi qabuli bo‘lib o‘tdi. Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida o‘tkazilgan qabulda tuman hokimi Bahodir Gaibnazarov va boshqa mutasaddi rahbarlar ishtirok etishdi.

Sayyor qabulda fuqarolaridan 48 ta murojaatlar kelib tushdi. Murojaatlarni o‘rganish, yuzma-yuz suhbatlashish jarayonida 21 ta murojaatlar joyida hal etildi. Ayrim fuqarolar ko‘targan masalalar yechimini topish, keltirilgan vajlarni batafsil o‘rganish talab etilganligi sababli 27 tasiga ijro muddatlari belgilanib, qatʼiy nazoratga olindi. Tekshirishlar natijasida qabul qilingan xulosa va qonuniy qarorlar bo‘yicha fuqarolarni yozma xabardor etish belgilandi.

Fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar mazmun-mohiyatiga ko‘ra: 27 tasi tergov-surishtiruv harakatlari, 10 tasi yetkazilgan moddiy zararni undirishga doir, 8 tasi probatsiya hisobidan muddatdan oldin yechish, 3 tasi ijtimoiy yordam ko‘rsatish va boshqalarni tashkil etdi. Muammolari ortga surilmay qabulxonaning o‘zida hal qilingan fuqarolar bu kabi qabullarning xolis va adolatli ekanligini taʼkidlab, o‘z minnatdorliklarini izhor etishdi.

Sayyor qabuldan so‘ng bosh boshqarma boshlig‘i hamda boshqa masʼullar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Elobod” mahallasi faoliyati bilan tanishdilar. Yil boshida “qizil” toifada bo‘lgan, hozirda esa “yashil” toifaga o‘tgan mahallada jinoyatchilik va huquqbuzarlikka qarshi olib borilayotgan ishlar, ijtimoiy-kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash maqsadida mahalla yettiligi bilan hamkorlikda bajarilgan vazifalar o‘rganildi. Bu yerda yaqinda IIV tizimida joriy etilgan “Dual taʼlim” yo‘nalishi asosida xizmat olib borib, profilaktika inspektorlaridan kasb sirlarini o‘rganayotgan IIV Akademiyasi 2-kursda tahsil olayotgan kursantining amaliyoti ham ko‘zdan kechirildi.

Shundan so‘ng masʼullar uzoq yillar davomida IIO safida xizmat qilib, hozirda isteʼfodagi polkovnik xonadonida bo‘ldilar. IIO faxriysi xizmatni Qo‘riqlash bo‘limida boshlab 2011 yilda Ichki ishlar vazirligi bo‘lim boshlig‘i lavozimidan nafaqaga chiqqan. Hozirda u Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB Faxriylar kengashi aʼzosi hisoblanadi. Samimiy suhbat chog‘ida xizmat vaqtidagi xotiralar yodga olinib, bugungi kunda IIO tizimda yaratilgan sharoit va imkoniyatlar haqida fikr almashildi.

Joylarda mutasaddilar tomonidan, xususan poytaxt IIBB rahbariyati tomonidan o‘tkazib kelinayotgan bu kabi tadbirlar shahar aholisining qonun ustuvorligiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, fuqarolik jamiyatini yaratish yo‘lidagi jarayonlarning jadallashuvida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech