Toshkent shahar IIBB boshlig‘i boshchiligidagi ishchi guruh tumanlardagi kriminogen vaziyat, mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni saqlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganishda davom etmoqda.
Poytaxtning aholisi ko‘p tumanlaridan biri Yangihayot tumani bo‘lib, so‘nggi yillarda yangi massivlarning qurilishi bilan aholi va ijtimoiy infrastruktura obyektlar soni ham oshib bormoqda. Bosh boshqarma boshlig‘i polkovnik Ravshan Sultanxodjayev, Toshkent shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari polkovnik AnvarO‘rmonov, tuman hokimi Hayot Inogamov va boshqa mutasaddi rahbarlar ushbu tumanga tashrif buyurdi.
Ishchi guruhning birinchi manzili tumanning 4-sonli Ichki ishlar bo‘limi bo‘ldi. Mazkur bo‘lim tumandagi Binokor, Yangi Gulzor, Jaloir, Toshkent, Xushnud, Xo‘ja Uchqun va Chortoq mahallalariga xizmat ko‘rsatadi. Jinoyat sodir etilgan mahallalar soni 4 ta bo‘lib, “sariq” toifadagi mahallalarga kiritilgan. 3 ta mahallada birorta jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmaganligi sababli “yashil” toifadagi mahallalar hisoblanadi. Hududda 72 ta ko‘p qavatli uylar va 4 795 ta yakka tartibdagi xonadonlar joylashgan bo‘lib, 34 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. 4-sonli IIB boshlig‘i Bekmurod Ismatov ishchi guruhga hududda jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasini yana-da kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar taqdimotini qildi.
Shundan so‘ng ishchi guruh “qizil” toifaga kiritilgan Fayzli mahallasiga tashrif buyurdi. Mahalla hududida 7 oy davomida 12 ta jinoyat qayd etilgan bo‘lib, shundan 7 tasi oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar toifasidan hisoblanadi. Mahalla profilaktika inspektori hududda sodir etilgan har bir jinoyat, uning sabab va shart-sharoitlari yuzasidan hisobod berdi. Bosh boshqarma boshlig‘i tomonidan hududdagi kriminogen vaziyatni yaxshilash borasida ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Fayzli mahallasi hududida tumandagi eng yirik bozorlardan biri – “INDEX” savdo majmuasi joylashgan bo‘lib, ishchi guruhning keyingi manzili aynan shu hudud bo‘ldi. Mazkur savdo majmuasi yer maydoni 72 gektarni tashkil qilib, 6 ta kirish-chiqish joylari mavjud. Hududga ikki nafar profilaktika inspektori, PPX, YPX va Qo‘riqlash bo‘limi xodimlari biriktirilgan. Hududda 6 500 dan ziyod do‘konlar mavjud bo‘lib, kuzatuv kameralar o‘rnatilgan bo‘lsada, ushbu kameralar soni do‘konlar sonidan kamligi aniqlangan. Ishchi guruh tomonidan video-kameralar sonini ko‘paytirish va tegishli kameralarni Toshkent shahar IIBB Yagona boshqaruv markaziga integratsiya qilish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Shuningdek ishchi guruh tumandagi ijtimoiy obyektga – Respublika teri-tanosil va kosmetalogiya ilmiy markazining Toshkent shahar hududiy filialiga tashrif buyurdi. O‘rganish jarayonida ushbu obyekt Qo‘riqlash bo‘limi tomonidan qo‘riqlovga olinmaganligi aniqlandi. Obyektni qo‘riqlovga olish va tashvish tugmasini o‘rnatish yuzasidan tavsiya berildi.
Yangihayot tumanidagi 2-sonli IIBdagi kriminogen vaziyatni o‘rganish jarayonida ushbu hududdagi 4 ta mahallada (Yangi Choshtepa, Yangi Darxon, Oriyat, Yangi Hayot) jinoyat sodir etilganligi aniqlandi. Ushbu mahallalar “sariq” toifaga kiritilgan bo‘lib, mahallalarga masʼul rahbarlar biriktirilgan. 3 ta mahallada (Tashabbus, Choshtepa, Yangi Umid) jinoyat sodir etilishiga qo‘l qo‘yilmaganligi sababli “yashil” toifaga kiritilgan. Bosh boshqarma boshlig‘i tomonidan “sariq” toifadagi mahallalarni “yashil” toifaga o‘tkazish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Tumandagi Qo‘riqlash bo‘limi faoliyati o‘rganilganda, bo‘limning 7 oylik faoliyati bilan tanishtirildi. Shuningdek ishchi guruh tomonidan xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ko‘zdan kechirildi.
Ishchi guruhning so‘nggi obyekti tuman IIO FMB ning yangi qurilgan maʼmuriy binosi bo‘ldi. Mazkur bino aholiga qulay hududda joylashgan bo‘lib, zamonaviy texnik imkoniyatlarga, xodimlar ish samaradorligini oshirish uchun barcha shart-sharoitlarga ega bo‘lishi rejalashtirilgan. Ishchi guruh tomonidan yakuniga yetayotgan taʼmirlash jarayonlari ko‘zdan kechirildi.
Yakunda bosh boshqarma boshlig‘i tomonidan barcha masʼullarga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan topshiriqlar berilib, amalga oshirish muddatlari belgilandi.
Bu kabi o‘rganishlar barcha tumanlarda davom etmoqda.