Joriy yilning 10 avgust kuni Toshkent shahar IIBB binosida Bosh boshqarma boshlig‘i, polkovnik Ravshan Sultanxodjayevning navbatdagi shaxsiy qabuli bo‘lib o‘tdi. Qabul jarayonida 55 nafar jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari o‘rganildi. Ularning ayrimlari shu joyning o‘zida o‘rganilib, ijobiy hal etildi, 10 tasi bo‘yicha malakali huquqiy maslahat va tavsiyalar berildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab qiladigan 15 ta murojaatlarning ijro muddatlari belgilanib, nazoratga olindi. Ichki ishlar organlari faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan murojaatlar mazmuniga ko‘ra: surishtiruv va tergov harakatlari; mol-mulk va pul mablag‘larini undirish; ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilish, qayta tiklash va kadr yo‘nalishiga oid; oila-turmush doirasidagi kelishmovchiliklar; O‘zbekiston respublikasi fuqaroligini olish kabilarni tashkil etdi.
O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risidagi qonunning 5 va 43-moddalariga muvofiq, shaxsning O‘zbekiston respublikasi fuqaroligiga mansubligini aniqlash to‘g‘risidagi xulosalar tegishliligi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahri va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari boshliqlari yoki viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari tomonidan tasdiqlanishi belgilangan. Ushbu tartibga muvofiq quyidagi shaxslarning arizalari qanoatlantirilib, ular O‘zbekiston respublikasi fuqaroligiga mansub topildi hamda 1963 yilda tug‘ilgan H.Dilbar, 1990 yilda tug‘ilgan S.Rushana, 1996 yilda tug‘ilgan S.Sabinalarga ID kartalari tantanali ravishda topshirildi.
Ancha vaqtdan buyon o‘ylantirib kelayotgan mazkur masalaning tez va oson yechim topilganidan fuqarolar o‘z chuqur minnatdorliklarini izhor etishdi.