Hali hayotning og‘ir-yengilini, mashaqqatlarini boshidan kechirib ulgurmagan Alpomish – ismini qarang-u qilmishiga baho bering – go‘yoki ruhan va maʼnan qiynalib ketganligi, muammolar va tashvishlar girdobida siqilib borayotganini sabab qilib, ularni unutish, najot topish maqsadida, giyohvandlik vositalarini isteʼmol qilishga jazm qildi. Hayotini izga solgach, istalgan vaqtida undan voz kechishi mumkinligini xayol qilgan yigit borgan sari jar yoqasiga yaqinlasha boshladi. Aslida ishlari yurishmagani uchun tushkunlikka tushgan, qiyinchiliklarga chidamagan, kurashishga tobi yo‘q odam, giyohvandlik to‘riga tushgach, qanday qilib undan qutulib ketishi mumkin?! O‘ziga ortiqcha baho bergan Alpomish vaqt o‘tib, og‘uni ko‘proq olib, uni sotish – shu orqali o‘z ehtiyojini ham qoniqtirishni reja qildi.Tergov jarayonida u: “2023 yilning dekabr oyida ijtimoiy tarmoqlar orqali adminga chiqib, undan o‘zimning isteʼmolim uchun deb giyohvandlik moddasiga buyurtma berdim. Lokatsiya bo‘yicha Toshkent viloyatining dala maydoniga ko‘mib qo‘yilgan 10 gr moddani 2000 AQSH dollariga sotib oldim. Admin borgan sari narxini oshirib, boshqa-boshqa turdagi moddalarni ham tavsiya qilardi. Sotib olish uchun pulim yo‘qligidan sotib pul ishlashga, o‘shanda o‘zimning ham ehtiyojimni qondirishim mumkinligini o‘ylab, ko‘prog‘iga buyurtma bera boshladim ”, deb ko‘rsatma berdi. O‘sha kuni, yaʼni 2024 yilning 20 mart kuni soat 14.30 larda Alpomish mijozlariga 9.54 gr hamda 0.35 gr ikki turdagi “ajal urug‘ini” yetkazib berish maqsadida Uchtepa tumani Bog‘obod mahallasi bo‘ylab ketayotganida tuman IIO FMB xodimlarini ko‘rib oyoqlari qaltiray boshladi. Ular yaqinlashganda esa asablari pand berib, cho‘ntagidagi 23 dona alohida qadoqlanib, qora izolentaga o‘ralgan zahri-zaqqumni yerga uloqtirgancha qochishga urindi. Ammo abjir xodimlar tomonidan ushlanib, yerga uloqtirgan moddalari xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olindi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi ochiq sud majlisida 2002 yilda tug‘ilgan, bo‘ydoq, muqaddam sudlanmagan F.Alpomishning jinoiy xatti-harakatlariga qonuniy baho berib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (“Giyohvand moddalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish”) bilan aybdor deb topdi va 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Mazkur jinoyat ishi Uchtepa tuman IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, kapitan Nurmuhammad Xo‘jayarovning ish yurituvidan olindi.