18 May 2024 Yil 1466

Nafs izmida

Katta yo‘l yoqasida ikki yigit avtomashina to‘xtatmoqda. To‘xtagan haydovchiga manzilni aytarkan, kira haqqini savdolasha boshladi.  Gapga tutdi. Haydovchi o‘ng yo‘lovchiga burilganda, chapda turgani uning uyali telefonini o‘mardi. Puliga kelishmagan haydovchi  yo‘lida davom etdi. Zum o‘tmay boshqa avtomashina to‘xtatildi. Boyagi holat yana takrorlandi. Telefonini yo‘qotgan bir necha haydovchilar ichki ishlar organlariga murojaat qila boshladi. Xodimlar tomonidan ularning fotoroboti yaratilib, ishga kirishildi.

O‘g‘rilarning iziga tushgan xodimlar poytaxt tumanlari ko‘chalarini nazoratga olishdi.  Kuzatuvlar olib borilayotgan kunlarning birida xodimlar diqqatini Chorsu bozori yonida  avtomashina to‘xtatayotgan ikki yigit tortdi.  Rejaga ko‘ra xodimlarning biri taksichi sifatida ularning yonida to‘xtadi. Ikkinchi xodim masofadan turib, voqeani kuzata boshladi.   Yo‘lga qo‘yilgan usul bo‘yiicha  “haydovchining” uyali telefoni o‘g‘irlandi. Narxini kelisha olmagan “haydovchi”  yo‘lida davom etdi. Uncha uzoqlashmay 50 metrlar narida to‘xtab ikkisini  kuzata boshladi.  Yana  bir necha haydovchi ularning tuzog‘iga ilindi. Haydovchilarni chuv tushirib kelayotgan o‘g‘rilar shular ekanligi maʼlum bo‘lgach, xodimlar ularni qo‘lga olishdi. Ular giyohvandlik moddalari taʼsirida ekanligini tekshiruvlar tasdiqladi. So‘roq vaqtida  yigitlar qilmishlarini tan olishmadi. Giyohvandlik moddasining taʼsiri tarqagach, videotasvirlarni ko‘rib, lol bo‘lib qolishdi.  So‘ng ular o‘g‘irlangan  narsalarni arzon garovga sotib o‘zlariga kerakli  giyohvand moddalarni sotib olishganligini bayon etishdi.  Tergov jarayonida giyohvand moddalar isteʼmoli uchun shu usulda pul topayotgan yigitlar poytaxtning ko‘plab tumanlarida yigirmaga yaqin ana shunday o‘g‘irliklarni amalga oshirgani aniqlandi.

Shu o‘rinda sog‘lom, kuch-quvvatga to‘la, navqiron yigitlarning o‘z hayotlarini  mana shu alfozda  olib borayotganidan afsuslanib ketasan. Axir giyohvandlikning oxiri ayanchli tugashini nahot bilishmaydi. Nahot  aniq dalillar misolida ko‘rsatilayotgan ko‘rsatuvlar, ijtimoiy tarmoqlardagi kontentlar ibrat bo‘lmasa. Nahot inson o‘z-o‘ziga dushman bo‘lsa? Hayotini, o‘zini, yoshligini qadrlay bilmasa.  Odatda giyohvandlar 40 yoshga ham yetib-yetmaydi, organizmning  sillasi qurib, giyohvand moddaning ozginasini ham ko‘tara olmay qoladi oxiri. Bu - giyohvand modda o‘ljasini mahv etdi degani. Giyohvandlar boshqa jinoyatlardan ham tap tortmasligi esa bu kabi misollar bilan o‘z tasdig‘ini topib kelmoqda.


Barcha yangiliklar

Text to speech