Salavat Sultonov Nukus davlat universitetini muvaffaqiyatli tamomlab, kollejda yoshlarga dars bera boshladi. 5 yildan ko‘proq yoshlarning ongi tafakkuri shakllanishi, dunyoqarashi, bilimlarini mustahkamlash, vatanparvarlik va xalqparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari bilan shug‘ullandi. So‘ng o‘spirinlik orzusi g‘olib kelib, Respublika IIV Akademiyasi Serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kurslariga hujjatlarini topshirdi. 2020 yilda Qoraqalpog‘iston respublikasi Taxtako‘pir tumani IIBda ilk faoliyatini boshlagan Salavat Sultonov 2021 yildan buyon poytaxtning Mirobod tumani IIO FMB huquqiy statistika bo‘limi katta inspektori lavozimida sidqidildan xizmat qilib kelmoqda. Kapitan Salavat Sultonov mustaqillik tengdoshi. Yurtimizning ilk mustaqillik odimlarini birgalikda tashlab uning muvaffaqiyat va yutuqlaridan bahramand bo‘lib, shakllanish jarayonlaridagi tug‘yonlar va mashaqqatlarni birga yengib kelayotgan shu zamin farzandi.Universitetning tarix fakultetida tahsil olgan Salavat uchun dunyo xalqlari, xususan ajdodlarimizning mustaqillik, istiqlol, erkinlikka bo‘lgan kurash va intilishlar tarixi yaxshi ma’lum.
– Mustaqillik ajdodlarimizning orzusi edi. Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor. Vatanimizning kun sayin o‘zgarib borayotgan qiyofasini, dunyo mamlakatlari o‘rtasida obro‘ va nufuzining ortayotganini ko‘rib faxrlanib ketasan, kishi. O‘qish, bilim olish, o‘z imkoniyatlaringni namoyon qilish, baxtli yashash uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Albatta, bularning qadriga yetish hamda uni asrash, kelgusi avlodlarga go‘zal tarzda yetkazish bizlarning burchimiz. Bu yo‘lda zarradek hissa qo‘sha olsam o‘zimni baxtiyor hisoblagan bo‘lardim, - deydi suhbatdoshimiz.