Poytaxtimizda hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari tomonidan fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, shaxsiy va sayyor qabullar o‘tkazish amaliyoti izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, Shayxontohur tumani IIO FMB boshlig‘i tomonidan joriy yilning iyun oyida o‘tkazilgan sayyor qabullarga o‘ttizdan ortiq fuqarolar murojaat qilishdi. Murojaatlarni o‘rganish natijasida ularning yigirmaga yaqini shu joyning o‘zida hal etildi. Yetti nafar shaxsga huquqiy maslahat va tavsiyalar berildi. To‘rt nafarining murojaatlarini ijobiy hal etilishi borasida tegishliligi bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarga aniq topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi. Xususan, tumanning “Bog‘ko‘cha” mavzesida yashovchi fuqaro M.Asraqulovaning murojaatiga asosan, 102-umumta’lim maktabi hududida joylashgan sport maydonida soat 23.00 dan so‘ng tinchlik va osudalikni ta’minlash maqsadida tungi xizmatga jalb qilingan xodimlar shu hududda xizmat olib borishi ta’minlandi. “Janggoh” mavzesida yashovchi fuqaro M.Mirzahmedovaning murojaati bo‘yicha mahalla hududi o‘rganilib, 20 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatilishi rejalashtirildi. Shuningdek, ushbu mahallada tezkor tadbir o‘tkazilib, giyohvandlik va psixotrop vositalarni yashirish yo‘li bilan tarqatuvchi shaxslar ushlandi. O‘tkazilayotgan mazkur qabullar fuqarolarning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilish bilan birga aholining adolatga, inson manfaatlari har narsadan ustun ekanligiga ishonch tug‘dirishi bilan ahamiyatlidir.