25 May 2024 Yil 2410

Murojaatlarga munosabat

Poytaxtimiz aholisi uch yarim milliondan ortiqni tashkil etadi. Agar  sayyohlar, mehmonlar, kundalik yumushlari bilan poytaxtga kelib-ketuvchilarni inobatga olsak, bu raqamlar yana-da ortadi. Raqamlar ortida esa o‘z yumushlari, orzu, tashvishlari, muammolari, ehtiyojlari, saʼy-harakatlari bo‘lgan  fuqarolar turadi. Hayot bor ekanki, muammolar bor, arz-shikoyatlar, takliflar bor. Ularni hal qilish maqsadida turli idoralar, jumladan, Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasiga ham murojaat qilinadi. 

Poytaxt IIBB Tashkiliy boshqarma Murojaatlar bilan ishlash bo‘limi xodimlari kuniga ellikka yaqin fuqarolarni qabul qilsa, Ichki ishlar vazirligi, prokuratura, hokimiyat tomonidan tashkillashtirilgan xalq nazorati, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa, ishonch telefonlari, maxsus portal orqali kelib tushadigan bir necha o‘nlab murojaatlarni qayd etadi. Arz-shikoyatlar, murojaatlar mazmun-mohiyatiga ko‘ra saralanadi va tegishli ijrochilarga o‘z vaqtida yetkazilib, ijrosi nazoratga olinadi. Murojaatlar ichida ichki ishlar idoralari faoliyatiga umuman aloqasi bo‘lmagan kommunal xizmat, obodonlashtirish, ijtimoiy-maishiy va ko‘plab boshqa masalalarga doirlari ham uchraydi. Undaylar tegishliligi bo‘yicha  mutasaddi  tashkilot va idoralarga yo‘llanadi.

— Murojaatlarning aksariyatini huquqbuzarliklar, jamoat tartibini buzish, oilaviy, maishiy nizolar, tergovga qadar tekshiruv, tergov, jinoyat ishlariga oidlar tashkil qiladi. Ushbu dargohga tashrif buyuruvchi har bir inson o‘z muammosiga yechim izlab keladi, adolat izlaydi, — deydi bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik Nodira Tulaboyeva. — Xodimlarimiz har bir fuqaroni iliq kutib olishga va tinglashga, ko‘nglini topib muomala qilishga harakat qiladi. Jamoamizda o‘z ishining haqiqiy fidoiylari ishlaydi. Katta inspektorlar, kapitan Sarvar Hashimov, katta leytenant Bositjon Sobirov, kichik inspektor, safdor Abdulaziz Ibodullayevlar o‘z xizmat vazifalarini sidqidildan bajarib kelishmoqda. Zarur hollarda ortiqcha ovoragarchilik va sarsongarchiliksiz telefon orqali masalalarni hal qilishga, ko‘rilgan chora-tadbirlardan fuqarolarni o‘z vaqtida xabardor etishga intiladilar. Jamoamiz ahil va g‘ayratli xodimlar bilan jamlangan.

Ahillik va hamjihatlik bor joyda  unum va baraka bo‘ladi.  Jamoada o‘zaro ishonch va bir-birini qo‘llab-quvvatlash kabi insoniy sifatlar qadr topadi. Bu iliq va ishchanlik muhiti murojaatchilarning ham ruhiyatiga taʼsir qilib, masalalari ijobiy hal etilishiga ishonch tug‘diradi. Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanidagi Yusufbek hojining “Bu dargohdan hali hech kim norizo bo‘lib ketmagan”, degan iborasi yodingizdami?! Bu jamoaning faoliyati bilan yaqindan tanishar ekansan, poytaxt IIBBdek yirik dargohdan biror kishining norizo bo‘lib ketishi mumkin emas, deging keladi.  Zotan, bo‘limning o‘z ishiga sadoqatli, jonkuyar xodimlari bor ekan, albatta, shunday bo‘ladi. 

Barcha yangiliklar

Text to speech