Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirida “Muqimiy” teatri mehmon bo‘ldi
Bugungi “Maʼnaviyat va maʼrifat darsi”da shaxsiy tarkib eʼtiboriga “Muqimiy” nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatri repertuaridan munosib o‘rin olgan “Asl xazina” spektakli namoyish etildi. Sahnadagi voqeada ilgari surilgan g‘oya shundan iboratki, haqiqiy inson bo‘lish uchun faqat boylik orttirish ilinjida yurish, nafs tufayli jonidan kechish, aldov bilan shug‘ullanish, shuningdek, halol mehnat qilmasdan xazinaga ega bo‘lish qoralanadi. Oddiy o‘qituvchi bo‘lgan oiladagi boyish maqsadidagi noo‘rin kelishmovchiliklar, boriga qanoat qilmaslik ortidan kelib chiqqan mashmasha achchiq kulgu orqali tomoshabinga yetkaziladi. Sahna so‘ngida Esonboyning marhum otasining “asl xazina boylikda emas, halollik va ahillikda” degan ovozi uning asosiy mazmun-mohiyatini ochib beradi. Teatr shaxsiy tarkibga yaxshi kayfiyat va unutilmas yorqin taʼsurotlarni hadya etib, turmushda shukronalik, halollik va o‘zaro totuvlik kabi insoniy fazilatlarni targ‘ib etishi bilan ahamiyatlidir.
Tadbir “Tahlilnoma” axborot dasturi namoyishi bilan yakunlandi.