Yoshlarni yosh deymiz. Tajribasiz, har narsaga qiziquvchan, o‘zgaruvchanligi bois ayrim xatolarini kechiramiz. Biroq qirqdan oshgan shaxs sal mulohazakor, ishining oxirini o‘ylab qiladigan, qilmishiga masʼul bo‘lishi kerak. Mirzohid oilali, muqaddam firibgarligi uchun sudlangan. Ammo bundan tegishli xulosa chiqarmagan. 2022 yilning yanvarida tanishi Shuhratning o‘ziga tegishli “Malibu” avtomashinasini sotib, yangi mashina olish niyatida ekanligini bilgach, paytavasiga qurt tushdi. Qanday qilib bir soddadilni topsa-yu, aldab pulini olsa... Afsuski, o‘sha soddadilni aldashga-ku aldar-a, biroq u ham puliga kuyib qolishni istamasligini, qolaversa, uni ham eshitadigan, qonuniy manfaatlarini himoya qiluvchi idoralar borligini unutgandi. Oradan ko‘p o‘tmay maktabdoshi D.Odilni uchratib qoldi. Hojatbaror tanishi D.Odilni yengidan kirib yoqasidan chiqarkan Shuhratning mashinasini sotib olishga undadi. Sal eski bo‘lsa-da arzonroq avtomashina olish niyatida bo‘lgan Odil qulay, afzal va hashamatli, uncha-munchaning orzusi bo‘lgan “Malibu” ning oyog‘i ostidan chiqib qolganiga quvonchi ichiga sig‘may ketdi. Mirzohidning aytishi bo‘yicha avtomashina deyarli yap-yangi emish, egasiga pul zarur bo‘lganligi uchun arzonroqqa sotayotganmish. O‘ylashga vaqt yo‘q emish. Omadi kulganidan shoshib qolgan Odil hozir 22.000 AQSH dollarini, keyinchalik rasmiylashtirilgach, qolgan 4.000 AQSH dollarini berishini aytib, Mirzohidning vasvasasiga uchdi-yu, molni ko‘rmay pulni berib yuboraverdi. U yog‘ini o‘quvchi darrov ilg‘ab olgan bo‘lsa kerak; ovoragarchilik, vaʼdalar, sarsongarchilik va qidiruv. Oxiri – ichki ishlar organlariga murojaat.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi ochiq sud majlisida 1983 yilda tug‘ilgan, oilali, muqaddam sudlangan R.Mirzohidning qilmishini ko‘rib chiqdi va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybdor deb topdi. Uning qilmishiga pushaymonligi, yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganligi, jabrlanuvchining daʼvosi yo‘qligini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda, bazaviy hisoblash miqdorining 100 barobari miqdorida jarima jazosini tayinladi.
Mazkur jinoyat ishi Shayxontohur tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi mayor Bahodir Tojiyevning ish yurituvidan olindi.