20 Fevral 2025 Yil 840

Mohiyatidan kelib chiqib, ijroga

Yurtboshimiz tomonidan “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qilinganiga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Ammo uning mazmun-mohiyatini tegishli mas'ullar va mutasaddilar tomonidan chuqur o‘rganish, o‘rganibgina qolmay uning ijrosini ta'minlash bo‘yicha amaliy ishlar allaqachon boshlab yuborilgan. Bunga poytaxtimizning Yangihayot tumani 3-sektor rahbari Sarvar Jo‘raev tomonidan kuni kecha kriminogen vaziyati og‘ir hisoblanib, qizil toifa ro‘yxatiga kiritilgan “Mash'al” mahallasida o‘tkazgan amaliy o‘quv mashg‘uloti yaqqol dalildir. Unda mahalla yettiligi, faollari va tegishli korxona-tashkilot mutasaddilari ishtirok etishdi. Mazkur mahalla aholisi to‘rt mingdan ziyodni tashkil etadi. 5 ta ko‘p qavatli va 785 ta xususiy hovlilarda 1391 ta turli millat vakillaridan iborat oilalar tinch-totuv istiqomat qilib kelmoqda. Ana shu xonadonlarning 20 tasi mas'ullar tomonidan birgalikda o‘rganildi. O‘rganishlar natijasida bir nafar mahalla fuqarosi kasb egallashi uchun o‘qishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, 3 nafari ishga joylashtirildi yana 3 nafarining bandligi ta'minlandi. Chunonchi, mahallada yashovchi, o‘zini o‘zi band qilish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan 1999 yilda tug‘ilgan B.Nasritdinovaga sektor rahbari tashabbusi hamda homiylar yordamida 1 dona mikser va muzlatkich olib berildi.
Tadbirlar so‘ngida S.Jo‘raev yuqorida qayd etilgan qarorning bandlariga to‘xtalib, ularning ijrosini to‘laqonli ta'minlash borasida chora-tadbirlar belgilanishiga e'tiborni qaratdi. Mahallada jinoyat qilishga moyil bo‘lgan shaxslarni barvaqt aniqlash ular bilan muntazam ravishda profilaktik, tushuntirish ishlarini olib borish, mas'ullarni belgilash va ular tomonidan manzilli, aniq ishlar olib borilishi lozimligini ta'kidladi. Shu o‘rinda mashg‘ulotlarda yig‘ilganlarning taklif va tavsiyalari ham o‘rganildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech