Mirobod tumani IIO FMB boshlig‘i, podpolkovnik Otabek Xadjayevning navbatdagi qabuliga ko‘plab fuqarolar tashrif buyurishdi. Yuzma-yuz muloqot davomida fuqarolar ijtimoiy masalalar, oilaviy nizolar, firibgarlik holatlari bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha murojaatlar qilishdi. Har bir fuqaroning murojaatlari o‘rganilib, tegishli soha xodimlariga muayyan topshiriqlar berildi, ayrimlari esa joyida hal etildi. Murojaatlarda keltirilgan vaj-sabablarni o‘rganish vaqt talab qiladigan murojaatlar ustidan nazorat o‘rnatilib, ijroga olindi. Misol uchun, fuqaro A.Sabirova o‘z murojaatida oila a’zolari bilan mol-mulk bo‘linishiga doir kelib chiqqan janjal yuzasidan chora ko‘rishni so‘radi. Holat o‘rganib chiqilib, tuman IIO FMB 3-sonli IIB boshlig‘i o‘rinbosari va hudud profilaktika inspektori tomonidan shu kunning o‘zida tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borildi. Holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborildi va gumonlanuvchi shaxsga nisbatan ma’muriy chora ko‘rildi. Qabul so‘nggida tuman fuqarolarining murojaatlarini doimiy ravishda eshitish, o‘rganish, qonuniy ravishda hal etish, huquqiy yordam ko‘rsatish borasidagi ishlar samarasini oshirish belgilab olindi.