4 Oktyabr 2025 Yil 422

Milliy gvardiya qo‘mondoni rahbarligidagi ishchi guruh tungi vaqtda poytaxtimiz bo‘ylab o‘rganish ishlarini olib bormoqda

Ishchi guruh tomonidan Toshkent shahri tumanlarida huquqni muhofaza qilish organlari hamda jamoatchilik hamkorligida tungi vaqtlarda tashkil etilgan chora-tadbirlar, hududlardagi umumiy vaziyat hamda mahallalar kesimidagi xavfsizlik masalalari o‘rganildi.

Xususan, o‘rganish ishlari Shayxontoxur, Mirobod, Sergeli va Yangihayot tumanlarida olib borildi. Unda, Anxor Lokomotiv park va Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatrida xavfsizlikni taʼminlash maqsadida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikdagi xizmat, Sergeli tumanidagi Jarqo‘rg‘on 24/7 gastronomik turizm ko‘chasidagi ko‘ngil ochar obyektlar, sayyohlar va mahalliy aholi uchun yaratilgan shart-sharoitlar, tutash mahallarda tashkil qilingan hamkorlikdagi tungi xizmat, bozor va savdo majmualarida huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar, obyektlarning ishonchli qo‘riqlovini taʼminlash hamda xabar bo‘yicha tezkor harakatlanuvchi guruhlarning o‘z vaqtida yetib kelishiga alohida eʼtibor qaratildi.

Shu kabi tadbirlar Yangihayot tumanida ham davom ettirilib, “INDEX” savdo markazi, “Magic Safari” bog‘i va unga yaqin mahallalarda jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni taʼminlash yuzasidan tashkil qilingan tungi xizmat va unga jalb qilingan huquq-tartibot organlarining hamkorlik masalalari ko‘zdan kechirilib, sohaga oid masʼul rahbarlarning axborotlari tinglandi.

O‘rganish jarayonida, aniqlangan kamchiliklar soha mutaxassislari bilan muhokama qilinib, yechimi yuzasidan zarur choralar ko‘rilishi hamda kelgusida hamkorlikni yana-da mustahkamlash va ishlarni takomillashtirishga oid maqsadli chora-tadbirlar belgilangan holda tegishliligi bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech