O‘zbekiston respublikasi Prezidentining “Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “O‘zbekiston respublikasidan tashqariga chiquvchi va respublika hududiga kirib keluvchi shaxslarning aniq hisobini yuritish imkonini beruvchi yagona idoralararo integratsiyalashgan elektron ma’lumotlar bazasini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarorining ichki ishlar organlari tomonidan samarali ijrosini ta’minlash maqsadida, joriy yilning 1-yanvaridan 30-yanvariga qadar Toshkent shahar IIBBda “Migratsiya profilaktikasi” maxsus tezkor profilaktik tadbirlar oyligi o‘tkazilmoqda.
Oylik jarayonida me’yoriy hujjatlarda belgilangan vazifalarning samarali ijrosini ta’minlashga jalb qilingan xodimlarga avvalo, mazkur hujjatlarning mazmun-mohiyati tushuntirilib, ularning to‘la-to‘kis ijrosini ta’minlash bo‘yicha maxsus yo‘riqnomalar berildi. Xususan, mahallalarda aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazish, uzoq muddatga chiqib ketgan va qaytib kelgan shaxslarni aniqlab, qayd etish, o‘rganilayotgan xonadonlarda profilaktik hisobda turgan shaxslar bilan profilaktik-ogohlantiruv jarayonlarini puxta va aniq olib borish, ularning muammolariga e’tibor qaratib, foydali mehnat bilan bandligini ta’minlash bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab berildi. “Yagona migratsiya” avtomatlashtirilgan elektron bazasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, bugunga qadar Toshkent shahrida yashovchi 185.500 nafar shaxslar uzoq muddat xorijda qolayotganligi, 26.234 nafar fuqaro esa yashash manzillariga qaytib kelganligi aniqlandi. Joylarda profilaktika inspektorlari tomonidan 6.200 nafar fuqarolar bilan filtr-so‘rovlar, to‘rt mingga yaqin shaxslarning oila a’zolari, 2333 nafari bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali onlayn, 3788 nafar shaxslar bilan yuzma-yuz suhbatlar olib borilgan. Bir yarim mingga yaqin shaxslarga mahalla “yettiligi” a’zolari biriktirilib, 2277 shaxs tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shu bilan birga voyaga yetmaganlarni xorijiy davlatlarda qoldirish qonuniy javobgarlikka olib kelishi yuzasidan farzandlari yoki yaqinlari xorijda bo‘lib turgan, ularni yashash manziliga qaytarish bo‘yicha 245 nafar ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi vasiy shaxslar bilan yakka tartibda profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. O‘rganishlar natijasida bir nafar voyaga yetmagan farzandini xorijda qoldirib kelgan shaxs aniqlanib, unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47 prim. 6-moddasi bo‘yicha chora ko‘rildi. Mehnat migratsiyasi orqali xorijda yurgan fuqarolar tomonidan sodir etilishi ehtimoli bo‘lgan jinoyat hamda huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida, 11 mingdan ortiq targ‘ibot tadbirlari olib borildi. Xorijga ketish istagida bo‘lgan bir yarim mingdan oshiq fuqarolarga ijtimoiy tarmoqlar orqali ogohlantirishlar berilib, yakka tartibda tushuntirish ishlari yuritildi.
Hamshaharlarimizning xorijga chiqish, o‘zga yurtda duch kelishi ehtimoli bo‘lgan qiyinchiliklar hamda ovoragarchiliklar, haq-huquqlari buzilishlaridan asrash, begona yurtda bo‘lish tartib-intizomi haqida tushunchalardan xabardor etish maqsadida 9410 ta buklet va flayerlar tarqatildi. Bu boradagi ishlar poytaxtimizning Olmazor, Uchtepa, Yangihayot, Shayxontohur va Mirzo Ulug‘bek tumanlari IIO FMB HPB xodimlari tomonidan uyushqoqlik hamda jadal ravishda amalga oshirib kelinmoqda. Mazkur tadbirlarning keng ko‘lamda olib borilishi poytaxtimiz ahlining o‘z vatanlarida, oila bag‘rida, farzandlari davrasida yashab mehnat qilishlari, farzandlar ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanishlari, bilim va kuchlarini vatan ravnaqi uchun sarf etishlari borasida chuqur mulohaza yuritish va to‘g‘ri xulosa chiqarishga xizmat qilishi, tabiiy.