Toshkent davlat universitetini tamomlagan Ulug‘bek Shayxanov o‘z taqdirini yurt tinchligi, osoyishtaligini saqlash, respublikamizning ravnaqi va taraqqiyotiga raxna soluvchi, nopok va g‘arazli kimsalarga qarshi kurash ishiga bog‘ladi. 1993 yili u Toshkent shahar Yunusobod tumani IIB voyaga yetmaganlar bilan ishlash inspeksiyasi inspektori lavozimida ish boshladi. O‘smir va yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning, huquqbuzarliklarning oldini olish, adashib jinoyat ko‘chasiga kirib qolganlarni to‘g‘ri yo‘lga solish borasida faol amaliy ishlar olib bordi. Uning o‘z vazifasiga jonkuyarlik va halollik bilan yondashishi, topshiriqlarni qonun doirasida yakuniga yetkazishi rahbariyat eʼtiboridan chetda qolmadi va u xizmat pog‘onalari va lavozimlarda yuqorilab bordi. Bugungi kunda podpolkovnik Ulug‘bek Shayxanov Toshkent shahar IIBB probatsiya boshqarmasi bosh inspektori lavozimida sidqidildan xizmat qilib kelmoqda.
Maʼlumki, mazkur xizmat ichki ishlar organlari tomonidan jazolarning ijro etilishini taʼminlash tizimini tubdan isloh qilish asnosida tuzilgan. Bu soha xodimlari ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni ijro etish bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari, jamoat tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorlikda shartli ozod qilinganlarning xulq-atvori ustidan taʼsirchan nazoratni amalga oshirish kabi qator profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. Bunda o‘ttiz yildan oshiq ichki ishlar idoralarining turli sohalarida unumli xizmat qilib kelayotgan podpolkovnik Ulug‘bek Shayxanovning ham mehnatlari beqiyos.
– Albatta, jazoni ijro etish tizimini takomillashtirish, mahkumlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasini taʼminlash, qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish, mahkumlarni ijtimoiy hayotga moslashtirish uchun axloqan tarbiyalash, mehnatga o‘rgatishning shaffof va samarali huquqiy mexanizmlarini amalga joriy etish borasida ko‘plab ishlar qilinyapti, – deydi qahramonimiz. – Boshqarma tomonidan shartli ozodlikka chiqqan ishsizlar ishga joylashtirilmoqda, moddiy yordam olish, salomatligini tiklash, maishiy, huquqiy va ruhiy masalalarda ko‘maklashilib, ularning bandligini taʼminlash yo‘lida o‘quv kurslarida kasb-hunar egallashlari uchun imkoniyatlar yaratilmoqda. Xuddi shunday xizmatlar axloq-tuzatish ishlari jazosiga hukm qilinganlarga ham ko‘rsatiladi. Maqsadimiz bitta – adashgan fuqarolarni jamiyatimizning sog‘lom va faol ishtirokchisiga aylantirish.
Xizmati davomida podpolkovnik U.Shayxanov ko‘plab shogirdlar yetishtirib, hali-hamon ularga to‘g‘ri maslahat va foydali tavsiyalarini berishga vaqt topadi. Halolligi, o‘z burchiga masʼuliyat bilan yondashishi tufayli uning xizmatlari rahbariyat tomonidan rag‘batlantirilib kelinmoqda. 2022 yilda Ichki ishlar vazirligi tomonidan 1-darajali “Benuqson xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangani uning xizmatlarining munosib eʼtirofidir. U.Shayxanovning xizmatdagi tajribasi va malakasi har bir yosh xodim uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.