Foydali mehnat yoki sevimli mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanmaslik, bekorchilik insonni tanbal, ishyoqmas qilibgina qolmay uni hayotga, yon-atrofga, yaqinlariga loqayd munosabatda bo‘lishga olib keladi. Ayniqsa, hayot yo‘lida bilib-bilmay jinoyat sodir etib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan yoxud ozodlikdan cheklash bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarga hukm qilingan shaxslarni ishga joylash, halol mehnatga jalb etish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, jamiyatimizning faol fuqarolariga aylantirishga e’tibor qaratilishining boisi ham shundan. Bu yo‘nalishda poytaxtimizda qator idora tashkilotlar, xususan, Toshkent shahar IIBB hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda davriy ravishda mehnat yarmarkalarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan.
Shunday xayrli tadbirlarning navbatdagisi Mirobod tumanida joylashgan Transport universiteti binosida tashkil etildi. Mazkur ezgu tadbir shahar IIBB probatsiya boshqarmasi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish markazlari hamkorligida uyushtirildi. Unda poytaxtning 12 ta tumani probatsiya bo‘limlari nazorati ostida turgan mahkumlar ishtirok etishdi. Tadbirda qatnashgan korxona va tashkilotlarning mas’ullari o‘z ishxonalaridagi bo‘sh o‘rinlar, ishchilarga yaratilgan shart-sharoitlar, ijtimoiy paketlar, ish vaqtlari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etish bilan birga qatnashchilarning savollariga javoblar berishdi.
Suhbatlar davomida taklif etilayotgan bo‘sh ish o‘rinlariga qiziqqan mahkumlarga shu joyning o‘zida yo‘llanmalar berilib, ishga joylashuvi bo‘yicha arizalar qabul qilindi. Tumanlar kesimida bu: Shayxontohur tumani – 7 ta yo‘llanma, 3 ish o‘rini, Sergeli tumani – 8 ta yo‘llanma, 3 ish o‘rini, Uchtepa tumani – 6 ta yo‘llanma, 2 ish o‘rini, Mirobod tumani – 8 ta yo‘llanma, 2 ish o‘rini, Chilonzor tumani – 7 ta yo‘llanma, 3 ish o‘rini, Yakkasaroy tumani – 4 ta yo‘llanma, 4 ish o‘rini, Mirzo Ulug‘bek tumani – 5 ta yo‘llanma, 4 ish o‘rini, Yunusobod tumani – 7 ta yo‘llanma, 4 ish o‘rini, Olmazor tumani – 6 ta yo‘llanma, 5 ish o‘rini, Yashnobod tumani – 6 ta yo‘llanma, 3 ish o‘rini, Bektemir tumani – 4 ta yo‘llanma, 3 ish o‘riniga ega bo‘ldi. Umumiy hisobga ko‘ra, probatsiya nazoratida bo‘lganlarning qirqdan oshig‘i doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘lgani, shuncha oilalarning ro‘zg‘ori butlangani, oila bag‘ri to‘lganidan darak beradi. Xalqimizga xos bo‘lgan bunday ezgu tadbirlar zanjiri mustahkam bo‘lib, bir-biriga ulanib ketaveradi.