23 Oktyabr 2023 Yil 1829

Toshkent shahar IIBB: “Men kuchli ayolman” loyihasining ikkinchi bosqich yakunlari sarhisob qilindi

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi IIV Madaniyat saroyida poytaxt IIBB tashabbusi bilan tashkil etilgan “Men kuchli ayolman” loyihasining ikkinchi bosqichi yakuni bo‘yicha tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Toshkent shahar IIBB rahbariyati va masʼul xodimlari, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlar, loyiha ishtirokchilari qatnashdi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining yoshlar va ayollarni IT sohasiga jalb qilish bo‘yicha maslahatchisi Kamola Sobirova, IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari polkovnik Umida Abdullayeva, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi eksperti, falsafa fanlari doktori Jamila Shermuxamedova va boshqalar mehmon sifatida taklif etildi.

Tabrik so‘zi bilan chiqqan mehmonlar ayolni himoya qilish va asrab-avaylash - davlatimiz farovonligini muhofaza qilish va g‘amxo‘rlik qilish ekanligini taʼkidladi. Ishtirokchilarga ayollarni ijtimoiy himoya qilish, og‘ir hayotiy vaziyatlarda qo‘llab-quvvatlash, muammolarni hal etish, shuningdek, o‘z tadbirkorlik ishini boshlamoqchi bo‘lgan ayollarga har tomonlama yordam ko‘rsatishga qaratilgan “Men kuchli ayolman!” loyihasi haqida gapirib berishdi.

Yig‘ilganlarga Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi taqdim etildi.

Tadbir so‘ngida loyiha ishtirokchilariga shahar “Ishga marhamat” monomarkazi, poytaxtimizdagi “Ayollar tadbirkorlik markazi” va boshqa o‘quv markazlarining ixtisoslashtirilgan kurslarida malaka oshirishlari uchun yo‘llanmalar tantanali ravishda topshirildi. 

Barcha yangiliklar

Text to speech