Yurtimizda inson qadri yuksak baholanadi va bu qator qonun va boshqa hujjatlarimizda, chunonchi “O‘zbekiston 2030 strategiyasi”da ham o‘z ifodasini topgan. Fuqarolarimizni mehnat, foydali ishga band qilish orqali ularni jamiyatimizning to‘laqonli a'zosiga aylantirish bilan bir qatorda oilaviy ahvoli, yashash sharoitlarini yaxshilash, moliyaviy ta'minotini oshirish kabi insoniylik tamoyillari asosiy maqsadlarimizdan biridir. Bu yo‘lda keng ko‘lamli ezgu ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xuddi shunday ezgu tadbirlardan biri – “Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi” Yashnobod tumanida joylashgan “Ishga marhamat” monomarkazi binosida tashkillashtirildi. Unda asosiy maqsad mahalla fuqarolar yig‘inlarining “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz, ehtiyojmand xotin-qizlar, yoshlar hamda Probatsiya nazoratida ro‘yxatga olingan mahkumlarning bandligini ta'minlashga qaratildi. Tuman korxona va tashkilotlari tomonidan tavsiya etilgan bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasida maxsus daftarlarda ro‘yxatda turuvchi 23 nafar, Probatsiya nazorati ostida jazo o‘tab kelayotgan 9 nafar shaxs o‘zlari tanlagan ish bo‘yicha zaruriy ma'lumotlarga ega bo‘lishib, ma'qul kelgan ishlarga yo‘llanma olishdi. 1 nafar Probatsiya nazoratidagi shaxs kasbga tayyorlash o‘quv kurslariga qabul qilindi. Mehnat yarmarkasi tashkilotchilari bunday ezgu tadbirlarni davom ettirib, mehnat bozoriga ilk qadam qo‘yayotgan institut, bilim yurti bitiruvchilarini ham qamragan holda muntazam tashkil etib kelinmoqda.