Shoxruh yo‘llarda turli rusumdagi biri-biridan chiroyli, hashamatli avtomashinalarni ko‘rganida ortidan suqlanib, kimningdir qo‘lida qimmat uyali telefonni ko‘rganida ko‘zlari yonib, mahallasidagi dabdabali uylarni ko‘rganida ichi kuyib qarar, har biriga ega chiqqisi kelardi. Buning uchun esa pul kerak, pulni topish uchun esa mehnat qilish kerak, mehnat esa yillarni talab qilardi. Unga esa hozir kerak. Boz ustiga issiqda, qor-yomg‘irda, ertadan kechgacha ishlashga tobi yo‘q. U uzoq o‘ylanmadi. O‘ziga tegishli uyali telefoni imkoniyatlaridan foydalangisi keldi. Ijtimoiy tarmoqlarni kuzata turib, elektron tartibda xorijiy davlatlarga aviachipta sotish bilan shug‘ullanuvchi guruhga kirdi. Yo‘nalishlar bo‘yicha buyurtmalarning ko‘pligi uni hayron qoldirish bilan birga juda qulayligi, yaʼni ko‘chaga chiqmay, mijozni ko‘rmay ish yuritish unga qo‘l keldi. 2023 yilning 1 mart kuni “London-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha 3 dona aviachipta sotib olish bilan murojaat qilgan E.Mavluda bilan bog‘lanib, o‘zini chipta sotuvchi sifatida tanishtirib, arzon va tezlashgan tartibda chipta topib berishga ishontirdi va 7.966.000 so‘mni plastik kartasiga o‘tkazishga erishdi. 13 mart kuni “Istambul-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha safarga otlangan G‘.Jamolga yuqoridagi xizmatni taklif qilish orqali 3.650.000 so‘mini o‘zlashtirdi. Siri fosh bo‘lishidan xavotirlangan “chiptachi” bir muddat “faoliyatini” to‘xtatib turishga qaror qildi. Hammayoq tinchligi, eshigini taqillatib ichki ishlar xodimlari kelmaganidan xotirjam tortib, 14 iyun kuni “Toshkent-Moskva” yo‘nalishi bo‘yicha uchmoqchi bo‘lgan I.Sobirjon bilan bog‘landi va yuqoridagi xolis xizmatini taklif qildi. Uning ishonchiga kirib 3.570.000 so‘mini o‘zlashtirdi. Biroq ko‘rinmas “chiptachi” qanchalik maxfiylik chorasini ko‘rmasin u allaqachon ichki ishlar xodimlari, aniqrog‘i poytaxt IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish tizimi xodimlarining “to‘riga” tushgan edi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tumani sudi ochiq sayyor sud majlisida 1999 yilda tug‘ilgan, vaqtincha ishsiz bo‘lgan B.Shohruhning jinoiy qilmishlarini qonunan ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b”, “g” bandlarida (“Firibgarlik”) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor deb topdi. Ayblanuvchining aybiga to‘liq iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi, yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganligi, muqaddam sudlanmaganligi inobatga olinib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolish sharti bilan 2 yilga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qildi.
Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari Toshkent shahar IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Feruzbek Sultonovning ish yurituvidan olindi.